Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Bugun kunning birinchi yarmida ijtimoiy tarmoqlarda Zipline (trosli tushish moslamasi)da ikki fuqaroning to‘qnashuvi aks etgan video tarqaldi. Hodisa Toshkent viloyatining Angrendagi tog‘li hududda sodir bo‘lgan.
Zipline (trosli tushish moslamasi)da to‘qnashgan fuqarolar tan jarohati olmagan. Tekshiruv jarayonida ma’lum bo‘lishicha, mazkur attraksion tegishli tashkilotlarning hech qanday ruxsat beruvchi hujjatlarisiz, noqonuniy faoliyat yuritib kelgan.
Hodisa joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari hamda boshqa daxldor idoralar vakillari yetib bordi. Ishchi guruh xulosasiga ko‘ra, ushbu Zipline demontaj qilinib, attraksion faoliyatini tashkil etgan fuqarolarga nisbatan jarima qo‘llanildi.


***
Toshkent tumanida eksportbop gilos bog‘lari hosilga kirdi. Xususan, “N.Obidov fayz” hududidagi “SOHIBKOR ISHONCH AGRO” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 2019-yilda 15 gektar maydondagi samarasiz bog‘lar o‘rnida barpo etilgan tomchilatib sug‘oriladigan intensiv gilos bog‘i bugun ko‘zni quvontiradi.
Ayni kunlarda bog‘da pishib yetilgan sarxil mevalar eksportyor korxonalar tomonidan yig‘ib olinmoqda. E’tiborlisi, giloslar dalaning o‘zidayoq sifatiga ko‘ra saralanib, ichki bozor va xorijiy davlatlarga yuborilmoqda.
Bugungi kunda hududda jami 1 ming 100 gektar mevali bog‘lar mavjud bo‘lsa, sohani rivojlantirish rejalariga muvofiq, 2026-yilning o‘zida qo‘shimcha 150 gektar maydonda yangi bog‘lar barpo etildi. Bu boradagi ishlar to‘xtab qolmaydi va 2027-yilda yana 170 gektar maydonni yashil bog‘larga aylantirish belgilangan.


***
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan Ohangaron tumanidagi “og‘ir” toifali mahallalarda yashovchi, mahalla obodligi va osoyishtaligiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan nuroniylar uchun xayrli tadbir tashkil etildi.
Tashabbus doirasida 12 nafar faxriy Qibray tumanidagi “Bo‘ston” sanatoriysiga dam olish va sog‘lomlashtirish uchun yuborildi. Nuroniylar o‘zlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va hurmat uchun minnatdorlik bildirib, yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotganini alohida ta’kidladi.


A. Musayev, O‘zA