Farmatsevtika: global integratsiya va kadrlar salohiyati
Mamlakatimiz tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini tubdan isloh qilish, sohaga ilg‘or xorijiy tajriba va innovatsion texnologiyalarni joriy etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan ayni pallada mahalliy ishlab chiqarishni jahon standartlari darajasiga ko‘tarish, yuqori texnologik klasterlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda soha uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini zamon talablariga moslashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan bu borada olib borilayotgan tizimli ishlar, xalqaro aloqalarning kengayishi va hududlardagi yoshlarni sohaga jalb etish tashabbuslari fikrimizning yaqqol isbotidir.
Shunday loyihalardan biri sifatida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida biotexnologiya hamda biofarmatsevtika sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinganini keltirish mumkin.
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Germaniyaning xalqaro biotexnologiya kompaniyasi — “Sartorius AG” vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun aytish joizki, “Sartorius AG” biofarmatsevtika sanoati uchun asbob-uskunalar, bioprotsessing texnologiyalari va laboratoriya xizmatlarini yetkazib beruvchi dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Uchrashuv davomida biofarmatsevtika va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlaridagi hamkorlik imkoniyatlari, laboratoriya infratuzilmasini rivojlantirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, “Tashkent Pharma Park” (BioPharma City) farmatsevtika klasteri doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar, ilmiy markazlar faoliyati va mutaxassislar tayyorlash sohasidagi istiqbolli tashabbuslar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Muloqot yakunida tomonlar biotexnologiya va laboratoriya yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, tajriba almashinuvini kengaytirish hamda o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldi.
Sohada mahalliy kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida tizimli targ‘ibot ishlari ham olib borilmoqda. Jumladan, Farmatsevtika texnik universiteti (PTU) vakillari tomonidan Namangan, Xorazm va Samarqand viloyatlaridagi qator o‘quv markazlari hamda xususiy maktablarda uchrashuvlar amalga oshirildi.
Uchrashuvlar davomida o‘quvchilarga “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri va Farmatsevtika texnik universiteti faoliyati haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Shu bilan birga, yoshlarga universitetda yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti, ilmiy-innovatsion imkoniyatlar, xalqaro hamkorlik dasturlari va talabalar uchun mavjud shart-sharoitlar yaqindan tanishtirildi.
Mazkur tadbirlar yoshlarni kasb tanlashga to‘g‘ri yo‘naltirish, ularning zamonaviy bilim va yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir.
Yevropa davlatlari bilan innovatsion hamkorlik hamda ichki kadrlar salohiyatini mustahkamlash ishlariga parallel ravishda, Sharqiy Osiyoning yetakchi mamlakatlari bilan investitsiyaviy sheriklik aloqalari ham izchil kengaytirilmoqda. Xususan, Janubiy Koreyaning “SEIN DNI Co., LTD” kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Janubiy Koreyaning “SEIN DNI Co., LTD” kompaniyasi bosh direktori Chong Il Jong boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotda mamlakatimizda kosmetika va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, GMP standartlari asosida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish hamda eksport salohiyatini kengaytirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Shuningdek, tomonlar kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqarish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va xalqaro bozorlarga birgalikda chiqish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. Uchrashuv yakunida kosmetika va farmatsevtika sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Sohada amalga oshirilayotgan ushbu sa’y-harakatlar mamlakatimizda farmatsevtika industriyasini yaratishga xizmat qiladi. Bu esa nafaqat ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, balki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi eksport salohiyatini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim poydevor bo‘ladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA