Toshkent va Tbilisi: yangi strategik sheriklik ortida qanday geosiyosiy mantiq bor?
Bugun xalqaro munosabatda davlatning qudrati faqat iqtisodiy ko‘rsatkich yoki harbiy imkoniyat emas, balki transport yo‘laklari, logistika zanjiri va mintaqaviy sheriklikdagi o‘rni bilan ham baholanmoqda. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo va Kavkaz munosabati faollashuvi ayni jarayonning muhim qismi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 2-3-iyul kunlari Gruziyaga amalga oshirgan davlat tashrifi nafaqat ikki mamlakat munosabati, balki Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi hamkorlik tarixida ham muhim voqea bo‘ldi. Tashrif davomida strategik sheriklik munosabati o‘rnatildi, o‘ndan ortiq hujjat imzolandi va ikki davlat aloqalarining uzoq muddatli yo‘nalishlari belgilab olindi.
Mazkur tashrifning ahamiyati va kelgusi istiqboli haqida O‘zA muxbiri Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tayanch doktoranti Muqaddas Xojimurodova bilan suhbatlashdi.
— Prezident Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi tarixiy voqea sifatida qay darajada ahamiyatli?
– Avvalo, bu tashrif ikki mamlakat munosabatida ko‘p yillik tanaffusdan keyingi muhim siyosiy voqea, chunki O‘zbekiston rahbari so‘nggi 23 yil davomida Gruziyaga ilk davlat tashrifini amalga oshirdi. Mazkur jihatning o‘ziyoq voqeaga alohida siyosiy mazmun bag‘ishlaydi. Zero, keyingi yillarda mamlakatimiz tashqi siyosatida qo‘shnichilik, mintaqaviy hamkorlik va yangi iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish ustuvor vazifaga aylandi. Gruziyaga davlat tashrifi ayni siyosatning mantiqiy davomidir.
Tashrif davomida strategik sheriklik munosabatini o‘rnatish to‘g‘risida deklaratsiya imzolanishi o‘zaro munosabatni mutlaq yangi bosqichga olib chiqdi. Endi davlatlarimiz faqat diplomatik aloqani saqlab turadigan emas, balki uzoq muddatli manfaat asosida harakat qiluvchi sheriklardir.
Yana bir muhim omil bor: O‘zbekiston va Gruziya tashqi siyosatda o‘xshash yondashuvga ega. Har ikki davlat ochiq muloqot, iqtisodiy hamkorlik va ko‘p qirrali tashqi siyosat tamoyiliga tayanadi. Shu bois mazkur tashrifni davlat rahbarlarining rasmiy uchrashuvi emas, balki yangi strategik sheriklikka asos solgan voqea sifatida baholash kerak.
– Tashrifning eng muhim amaliy natijasi sifatida qaysi qarorni ko‘rsatish mumkin?
– Menimcha, Tbilisida O‘zbekiston elchixonasini ochish to‘g‘risida qabul qilingan qarorni alohida ta’kidlash joiz. Ko‘pchilik bu voqeani oddiy diplomatik jarayon sifatida qabul qilishi mumkin. Aslida bu qarorning ahamiyati juda yuqori, chunki hozirga qadar Gruziya bilan munosabat Ozarbayjondagi diplomatik vakolatxonamiz orqali muvofiqlashtirilgan.
Elchixona ochilishi mavjud aloqa muttasil va institutsional tus olishini ta’minlaydi. Ya’ni, diplomatik muloqotni jadallashtirish, sarmoyaviy loyihalarini muvofiqlashtirish, biznes doiralari hamkorligini kengaytirish va fuqarolar manfaatini himoya qilish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.
Eng muhimi, mazkur qaror O‘zbekistonning Kavkaz mintaqasiga qiziqishi ortib borayotgani va Gruziya mamlakatimiz tashqi siyosatida tobora muhim o‘rin egallayotganini ko‘rsatadi.
– Nima sababdan Gruziya O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega?
– Gruziyaning ahamiyatini tushunish uchun avvalo geografik joylashuviga e’tibor qaratish lozim. Bugungi kunda mazkur mamlakat Kavkaz va Qora dengiz o‘rtasidagi muhim transport tuguniga aylanib, nafaqat Janubiy Kavkaz, balki Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi muhim bo‘g‘in vazifasini bajarmoqda.
Bugun jahonda raqobat ko‘proq transport yo‘laklari va logistika zanjiri atrofida kechmoqda. Xalqaro savdo yo‘li markazida joylashgan davlatning iqtisodiy va siyosiy ahamiyati yuqori. Gruziya aynan shunday mamlakat.
O‘zbekiston uchun bu masala juda dolzarb. Zero, mamlakatimiz dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniga ega emas. Demak, tashqi bozorga chiqish uchun ishonchli va samarali transport yo‘laklarini rivojlantirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi hisoblanadi.
Gruziyaning Poti va Batumi portlari O‘zbekiston mahsulotlarini Yevropa va boshqa mintaqalar bozoriga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda Gruziya mamlakatimiz uchun shunchaki sherik davlat emas, balki tashqi iqtisodiy strategiya zanjirining muhim xalqasidir.
Hozir AQSH, Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Xitoy va Rossiya kabi yirik geosiyosiy kuchlar ham Gruziya bilan munosabatga alohida ahamiyat bermoqda. Ya’ni, ushbu davlatning xalqaro maydondagi strategik ahamiyati juda yuqori. Toshkent va Tbilisi munosabati yangi bosqichga chiqishi o‘zgaruvchan geosiyosiy muhitda uzoqni ko‘zlab qabul qilingan qaror sifatida baholanadi.
– “O‘rta yo‘lak” loyihasi o‘zaro munosabatda qanday o‘rin tutadi?
– Menimcha, tashrifning yana bir muhim strategik jihati aynan transport va logistika sohasidagi kelishuv bilan bog‘liq. Qolaversa, zamonaviy dunyoda transport yo‘laklari taraqqiyotning asosiy shartiga aylanmoqda.
Tashrif davomida tomonlar Gruziyaning transport imkoniyatidan yanada samarali foydalanish, Boku – Tbilisi – Kars temir yo‘li salohiyatini kengaytirib, kelajakda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li bilan bog‘lash istiqbolini muhokama qildi.
Bu loyihalarning ahamiyatini faqat ikki davlat doirasida baholab bo‘lmaydi. Gap Markaziy Osiyoni Kavkaz va Qora dengiz orqali Yevropa bilan bog‘laydigan ulkan transport tarmog‘i haqida ketmoqda. Agar ushbu tashabbuslar to‘liq amalga oshsa, mintaqa davlatlari uchun yangi iqtisodiy imkoniyat paydo bo‘ladi, tashqi savdo hajmi ortadi va logistika xarajati kamayadi.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda xalqaro ekspertlar ko‘p gapirayotgan “O‘rta yo‘lak”ning ahamiyati tobora ortmoqda. Ushbu yo‘nalish Xitoydan Yevropagacha eng qisqa va istiqbolli yo‘lak sifatida baholanmoqda. Gruziya esa mazkur yo‘lakning muhim bo‘lagi. Shu bois Toshkent va Tbilisi hamkorligi faqat ikki davlat manfaati bilan cheklanmaydi, balki butun Yevrosiyo makonidagi iqtisodiy jarayonga ta’sir ko‘rsatadi.
Shu nuqtai nazardan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi ikki mamlakat munosabatidagi navbatdagi diplomatik tadbir emas, balki Markaziy Osiyo va Kavkazni o‘zaro yaqinlashtirishga qaratilgan uzoq muddatli strategik qadam bo‘ldi, deyish mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA