O‘zbekiston Prezidenti AQSHning “BlackRock” kompaniyasi bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-iyul kuni “BlackRock” kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesini qabul qildi.
Uchrashuvda strategik sheriklikni, avvalo, yoqilg‘i-energetika sohasida yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Kompaniyaning O‘zbekistondagi loyihalari faol amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlatimiz rahbari “BlackRock” kompaniyasi bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Xususiylashtirish sohasida sheriklikni kengaytirish, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, moliya bozorini rivojlantirish, neft-kimyo tarmog‘idagi loyihalarni ilgari surish hamda sun’iy intellekt texnologiyalariga qo‘shma investitsiya kiritish shular jumlasidan.

“BlackRock” aktivlar va jamg‘armalarni boshqarish hamda moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan yirik investitsiya kompaniyasidir. 2026-yilda kompaniya boshqaruvidagi aktivlar hajmi 14 trillion dollarga yetdi.