“El-yurt umidi” jamg‘armasi vakillari yoshlar bilan uchrashdi
FOTOREPORTAJ
Termiz davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi mas’ullari hamda Surxondaryodagi qator oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida yoshlarga jamg‘arma faoliyati, xorijiy davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish uchun yaratilgan imkoniyatlar, stipendiya dasturlari va tanlovlarda ishtirok etish tartibi haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, mutaxassislar uchun xorijda malaka oshirish va stajirovka o‘tash imkoniyatlari xususida ham tushuntirishlar berildi.
[gallery-31786]
Uchrashuv ochiq muloqot ruhida o‘tib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan jamg‘arma vakillariga bevosita murojaat qildi. Xorijda ta’lim olish uchun qo‘yiladigan talablar, mavjud dasturlardan foydalanish va tanlov jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan zarur tavsiyalar olindi.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning xalqaro ta’lim va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari haqidagi bilimlarini kengaytirish, xorijiy tajribani o‘rganish hamda kelgusida mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan malakali kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA