Toshkent sport maydoni Osiyo og‘ir atletikasining yangi chempionlarini kashf etadi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qit’aning 29 mamlakatidan kelgan 300 nafardan ortiq iqtidorli yosh og‘ir atletlar ishtirok etayotgan nufuzli musobaqaning ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisi Sherzod Hidoyatov, MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Hassan Jalood, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Yusuf Al-Mana ushbu nufuzli musobaqa yangi chempionlarni kashf etishi, yangi rekordlarga yo‘l ochishi bilan ahamiyatli ekanligini aytib o‘tdi.
Bugun Toshkent sport maydonida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tariladigan yoshlar orasidan ertaga o‘z Vatani bayrog‘ini jahon va Olimpiya maydonlarida baland ko‘taradigan buyuk sportchilar yetishib chiqishiga tilak bildirildi.
Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Hassan Jalood o‘ziga O‘zbekiston Respublikasining “Faxriy fuqarosi” maqomi taqdim etilganligiga minnatdorlik bildirib, bu yuksak e’tirofni O‘zbekistonda sportni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilishini ta’kidladi.
Chempionatda ishtirok etayotgan chet el sport delegatsiyalarining vakillari, murabbiylar, sportchilar O‘zbekistonda sportni, ayniqsa, bolalar va yoshlar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan davlat siyosati, sport infratuzilmasini takomillashtirish hamda xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish borasidagi ishlarni alohida e’tirof etdi.
Tantanali marosimda milliy va zamonaviy san’at uyg‘unligidagi sahna ko‘rinishlari, lazer shousi, bolalar raqslari, milliy raqslar guldastasi hamda xalqaro musiqiy kompozitsiyalar asosidagi chiqishlar mamlakatimizning boy madaniy merosi va milliy qadriyatlarini aks ettirgan badiiy dastur xorijlik mehmonlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangrab asosiy musobaqalarga izn berildi.
Eslatib o‘tamiz, qit’a chempionati bahslari 14-avgustga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
A.Mamadaminov(suratlar) O‘zA