Universitet talabasi oltin medalni qo‘lga kiritishga muvfffaq bo‘ldi
Guliston davlat universiteti Sport faoliyati fakultetining 4-bosqich talabasi Hilola Ortiqboyeva Toshkentda o‘tkazilgan CISM I-jahon harbiy kurash Challengeida oltin medalga sazovor bo‘ldi.
2026-yil 10–15-sentabr kunlari o‘tkazilgan musobaqada turli davlatlardan kelgan harbiy sportchilar kurash bo‘yicha bahs olib borishdi. Ayollar o‘rtasida -57 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Hilola Ortiqboyeva barcha raqiblarini mag‘lub etib, birinchi o‘rinni egalladi.

Mazkur musobaqa Xalqaro harbiy sport kengashi (CISM) tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, harbiy kurash bo‘yicha ilk jahon musobaqasi sifatida o‘tkazildi.

Hilola Ortiqboyevaning g‘alabasi Guliston davlat universiteti jamoasi uchun ham quvonarli voqea bo‘ldi.

— Hilola Ortiqboyevaning CISM I-jahon harbiy kurash Challengeida oltin medalni qo‘lga kiritgani universitetimiz jamoasi uchun quvonarli voqea bo‘ldi. Ayniqsa, so‘nggi vaqtlarda talabalarimiz xalqaro musobaqalarda munosib natijalarga erishayotgani biz uchun muhim g‘oyat quvonchli kechmoqda. Yaqinda talabamiz Sardorbek Ahatqulov Qirg‘iziston Respublikasida o‘tkazilgan VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida belbog‘li kurash bo‘yicha 82 kilogramm vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Gumanitar fanlar va jismoniy madaniyat fakultetining 2-bosqich talabasi So‘g‘diyona Abdukarimova Tojikistonning Xo‘jand shahrida o‘tkazilgan badminton bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionatida U23 yosh toifasida ikkita bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Jismoniy madaniyat yo‘nalishi talabasi Basimaxon Sattorova esa Vladivostok shahrida o‘tkazilgan V Xalqaro Vladivostok regatasida 2000 metr masofani 7 daqiqa 23,9 soniyada bosib o‘tib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bunday natijalar talabalarimizning sportdagi salohiyatini namoyon etib, xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etayotganini ko‘rsatadi. Universitetimizda talabalarning ta’lim olishi bilan bir qatorda sportdagi iqtidorini rivojlantirishi va yuqori natijalarga erishishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga e’tibor qaratilmoqda, — dedi Guliston davlat universiteti prorektori Nurbek Ayaqulov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri