Toshkent dunyo biznes elitasining diqqat markaziga aylandi
Iqtisodiyot ilmida investitsiyalar tizimi qon tomiriga qiyoslanadi. Xorijiy va mahalliy sarmoyalarsiz hech bir davlat ichki resurslarning o‘zi bilangina global raqobatga dosh bera olmaydi. Investitsiya shunchaki pul emas, u mamlakatga eng zamonaviy texnologiyalar, nou-xau va boshqaruv madaniyatini olib kiradi. Masalan, Chirchiqdagi «Kelajak metallari» texnoparki yoki «Volkswagen» avtomobillarini yig‘ish loyihalari orqali O‘zbekiston oddiy xomashyo bazasidan yuqori texnologik ishlab chiqarish tizimiga o‘tmoqda.
Sarmoyalar evaziga qurilayotgan yangi zavodlar ilgari chetdan valyuta evaziga sotib olingan tayyor mahsulotlarni mahalliylashtirish imkonini beradi. Bu esa tashqi savdo balansini yaxshilab, eksport hajmini keskin oshiradi. O‘zbekiston aholisi tez sur’atlar bilan 40 millionlik marraga yaqinlashmoqda. Har yili mehnat bozoriga yuz minglab iqtidorli va shijoatli yoshlar kirib kelyapti. Davlat byudjetining cheklangan mablag‘lari bilan buncha odamni sifatli va yuqori daromadli ish bilan ta’minlash imkonsiz. Faqatgina xususiy va xorijiy investitsiyalar oqimi yangi sanoat tarmoqlari, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida millionlab ish o‘rinlarini yaratishning yagona kafolatli yo‘lidir. Uy-joy qurilishi, shaharsozlik va infratuzilma loyihalarining o‘zi yiliga kamida 10 milliard dollarlik kafolatli ishchi bozorini ta’minlamoqda.
Bugungi tahlikali zamonda kapital oqimlari o‘zi uchun yangi, xavfsiz va jadal o‘sib borayotgan iqtisodiy tinch o‘lkalarni izlamoqda. Shunday pallada Toshkent dunyo biznes elitasining diqqat markaziga aylandi. Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida dunyoning 100 dan ortiq davlatidan kelgan 4 mingga yaqin delegatlar qarshisida nutq so‘zlagan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nafaqat mamlakatning iqtisodiy zafarlarini sarhisob qildi, balki butun Markaziy Osiyoning yaqin istiqboldagi yangi iqtisodiy me’morchiligini belgilab berdi. Bu nutq shunchaki rasmiy bayonot emas, balki katta o‘zgarishlar ostonasida turgan davlatning global hamjamiyatga yo‘llagan strategik manifestidir. Ko‘pchilikning yodida, 2022-yili o‘tkazilgan ilk forumda O‘zbekiston o‘z oldiga juda katta va hatto ayrim ekspertlar nazarida haddan tashqari ambitsiyali maqsadni qo‘ygan edi. 2026-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard dollarga yetkazish. Biroq Yangi O‘zbekistonning shiddati har qanday prognozlarni ortda qoldira olishini isbotladi. Mamlakat iqtisodiyoti joriy yil yakuni bilan 180 milliard dollardan ortishi kutilmoqda. Bu orzu qilingan marradan deyarli ikki barobar ko‘pdir. Bu marralarga erishishda albatta, xorijiy sarmoyalarning o‘rni beqiyos bo‘ldi. So‘nggi yillarda yurtimizga 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, shundan 123 milliard dollarining aynan oxirgi besh yilga to‘g‘ri kelishi mamlakatga bo‘lgan ishonchning amaliy ifodasidir. Iqtisodiyotning o‘tgan yilgi 7,7 foizlik o‘sishi, xalqaro rezervlarning 70 milliard dollardan oshgani va mamlakatimizning “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da birdaniga 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin” davlatlar qatoridan joy olgani tasodif emas. Bu yillar davomida tunlarni kunlarga ulab qilingan tizimli mehnatning mevasidir.
Davlatimiz rahbari anjumanda so‘zlagan nutqida ta’kidlaganidek, O‘zbekiston barcha investorlar uchun ochiq va teng huquqli sheriklik tamoyiliga qat’iy sodiq. Davlat investorlarni jalb qilishda shaffoflik, kafolatlangan huquqiy reja va barqaror siyosatni ta’minlashga munosib e’tibor qaratmoqda. Bu yo‘l, o‘z navbatida, xorijiy kapitalning uzoq muddatli loyihalarga kirishini rag‘batlantiradi. Xususan, xorijiy sarmoyadorlar uchun raqamlashtirilgan ma’lumotlar, tayyor loyihalar va jozibador infratuzilma yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bozorga kirish jarayonlarini osonlashtiradi. Mazkur choralar investitsiyaviy iqlimni yanada yaxshilash, xususiy sektorning rolini kengaytirish, texnologiya va malakali kadrlarni jalb etish orqali mamlakatimiz bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor investorlar uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Hozirgi bosqichda O‘zbekiston ulkan islohotlar va investitsiyaviy imkoniyatlar davrini boshdan kechirmoqda. Forum platformasida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan olti yo‘nalish — investorlar uchun munosib sharoitlar, kapital bozorini rivojlantirish, «yashil» energetika va sun’iy intellekt, yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirlari hamda mintaqaviy transport-logistika — mamlakatimizni global iqtisodiyotning markaziy nuqtalari qatoriga ko‘tarishga qaratilgan.
Birinchi yo‘nalish – investorlar uchun huquqiy kafolat tizimini yanada kuchaytirish.
Bu yilgi forumning mutlaq markaziy voqeasi va bosh sensatsiyasi shu yilning mart oyida Prezident farmoni bilan tashkil etilgan «Toshkent xalqaro moliya markazi» taqdimoti bo‘ldi. Ushbu tashabbus shunchaki chiroyli nom emas, aksincha, xalqaro investorlar uchun eng tanish va xavfsiz bo‘lgan Ingliz umumiy huquqi (Common Law) tamoyillariga asoslangan mutlaqo yangi institutsional va huquqiy arxitekturadir.
Jahondagi yetakchi moliyaviy xablar (London, Dubay, Singapur) tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yirik kapital egalari uchun davlatning iqtisodiy o‘sish sur’atlaridan ko‘ra huquqiy tizimning shaffofligi va bashorat qilinishi (prognozga egaligi) muhimroqdir. Toshkent xalqaro moliya markazi aynan mana shu ehtiyojni qondirish uchun yaratildi.
Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish tashabbusi mamlakatning global moliyaviy xaritadagi o‘rnini mustahkamlaydi. Markazning huquqiy bazasi Konstitutsiyaviy qonun bilan mustahkamlanadi, ushbu hududda jozibador soliq va regulyativ rejim — investitsiyaviy imtiyozlar 50 yilgacha belgilash imkoniyati bilan rag‘batni kuchaytiradi. Angliya umumiy huquqiga asoslangan maxsus rejim, mustaqil tijorat sudi va xalqaro ekspertizani jalb qilish investorlarga xalqaro standartlar darajasida huquqiy himoyani kafolatlaydi.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan ikkinchi yo‘nalish – kapital bozorini rivojlantirish, muqobil moliya vositalariga keng yo‘l ochish. Shu haqda so‘z borganda, so‘nggi yillarda mamlakatimiz xalqaro moliya bozorlarida faol ekanligini ta’kidlash joiz. Jami 16 milliarddan ortiq obligatsiyalar mazkur bozorlarga muvaffaqiyatli joylashtirildi va milliy valyutadagi korporativ yevroobligatsiyalar aylanmaga kiritildi. Muhim natija sifatida, Milliy investitsiya jamg‘armasining 30 foiz aksiyalari Toshkent va London birjalarida IPO orqali chiqarilib, bu London birjasining so‘nggi besh yil ichidagi eng yirik IPOlaridan biri bo‘ldi. Bundan tashqari, qator yirik kompaniyalarning IPOlari uchun tayyorgarliklar allaqachon boshlandi. Loyihalar ichki bozorni mustahkamlash va xorijiy investorlarni jalb qilish imkoniyatini yanada kuchaytirishi kutilmoqda.
Kapital bozorini rivojlantirishning huquqiy-organik asosini mustahkamlash maqsadida “Kapital bozori to‘g‘risida” va “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Uchinchi yo‘nalish – yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirlarini kengaytirishga investitsiyalarni jalb etish. Sanoatni yuqori texnologiyali bosqichga ko‘tarish yo‘lida O‘zbekiston katta dasturlarni boshladi. Kelasi besh yilda sanoatdagi yuqori texnologiyali mahsulot hajmini 2,5 barobarga ko‘paytirish maqsad qilingan. Xususan, ilg‘or kimyo tarmog‘ini rivojlantirish orqali 20 milliard dollarlik investitsiya salohiyati, hududlarda 15 mingdan ortiq yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish, 130 turdagi yangi mahsulotni ishlab chiqarishga qo‘l keluvchi hamkorlik loyihalari shular jumlasidan.
To‘rtinchi yo‘nalish – “yashil” energetika va sun’iy intellekt sohalaridagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish. O‘zbekiston «yashil» energetikaga katta ustuvorlik bermoqda: elektr generatsiyasida yanada yuqori ulush, 2030-yilgacha 54 foizga erishishni rejalashtirgan. Bu maqsadga erishish uchun davlat quyosh va shamol elektr stansiyalariga investitsiyalar, energiya saqlash tizimlarini joriy etish loyihalari, tarmoqlar va uzatish infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ham «yashil» energiyaga ulangan, ham klimatga mos data-markazlar barpo etish borasida imkoniyatlarni taklif qilmoqda.
Beshinchi yo‘nalish – mintaqaviy transport-logistika bog‘liqligini rivojlantirish. O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlikning markaziga aylanishni maqsad qilgan. Bu borada Xitoy va Qirg‘iziston bilan strategik temir yo‘llar qurilishi, Transafg‘on koridori orqali janubiy dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish, Kaspiy orqali «O‘rta koridor»ni kengaytirish va Yevropa-Asiya transport magistrallariga integratsiya, yangi tezyurar avtomobil yo‘llari, ko‘p funksiyali logistika markazlari va «quruq port»lar tashkil etish, Saudiya bilan hamkorlikda O‘zbekistonda yiliga 20 million yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi Toshkent xalqaro aeroportini qurish loyihasini amalga oshirish ko‘zlangan. Bu loyihalar mamlakatni tranzit va logistika markaziga aylantirib, mahsulotlar eksporti va importini yengillashtiradi hamda mintaqaviy savdo oqimlarini oshiradi.
Oltinchi yo‘nalish – hududlarni rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish. O‘zbekistonning iqtisodiy va demografik ko‘rsatkichlari yuksalayotgan bir pallada hududlarni kompleks rivojlantirish — mamlakat taraqqiyotining muhim drayveriga aylanmoqda. Mamlakatimiz aholisi soni qariyb 40 millionga yaqinlashishi, iqtisodiy o‘sish va urbanizatsiya bosqichlarining tezlashishi shaharsozlik, infratuzilma va ijtimoiy xizmatlarga yuksak salohiyatli investitsiya talab qiladi. Hukumat bu reallikni hisobga olgan holda hududiy taraqqiyotni yangi uslubda – investitsiyaviy hamkorlik, davlat-xususiy sheriklik va strategik loyihalar orqali ro‘yobga chiqarish yo‘lini tanladi. Bu yo‘nalishda ham investorlar ishlashi uchun katta maydon va imkoniyat mavjud.
O‘zbekiston uchun investitsiya — bu shunchaki moliyaviy ko‘rsatkich emas. U — millatning ruhiy va intellektual uyg‘onishi, 40 millionlga yaqinlashayotgan xalqning farovon hayoti, Uchinchi Renessansning mustahkam poydevoridir. Bugun kiritilayotgan har bir dollar sarmoya — ertangi kunning tinchligi, taraqqiyoti va O‘zbekistonning jahon sahnidagi mag‘rur maqomini kafolatlovchi ulug‘vor qadamdir.
Yangi O‘zbekiston — bu o‘zgarishlarga tayyor, imkoniyatlarga ochiq va hamkorlik qilishga intilayotgan mamlakat. O‘zbekiston sarmoyadorlarni mamlakatimiz bilan birgalikda yangi marralarga erishishga taklif etdi. Bu marralar quruq gaplar bilan emas, haqiqiy investitsiya va qo‘shma loyihalar orqali amalga oshadi. Shu nuqtai nazardan, uch kunlik uchrashuvlar natijasida o‘n milliardlab dollarlik yangi investitsiya bitimlari imzolandi. Natijada forum mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro moliya institutlari va yirik kompaniyalar bilan hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilib, O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yanada ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi.
Abdurafiq Hoshimov,
Jahon iqtisodiyoti va dirlomatiya universiteti huzuridagi
Diplomatiya akademiyasi kafedra mudiri