Ekologiyaga oid dolzarb masalalar - yoshlar nigohida
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, "Zamin" Xalqaro jamoat fondi va YUNICEF Yosh ekologiya chempionlari milliy hamjamiyati ikkinchi guruhining ajoyib yutuqlarini e’tirof etdi. Bu platforma ikki yildan beri o‘smirlarga O‘zbekistonda iqlim kun tartibini faol ilgari surishda yordam berib kelmoqda.
Tantanali tadbirda mamlakatning barcha viloyatlaridagi 15–18 yoshdagi 52 nafar o‘quvchi, ularning 13 nafar murabbiylari va 14 nafar o‘qituvchilari ishtirok etdi. Ularning yutuqlari yoshlarning atrof-muhitga bo‘lgan munosabatlarini qanday o‘zgartirayotganini, g‘amxo‘rlik va mas’uliyat madaniyatini rivojlantirayotganini hamda O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va butun dunyo uchun yanada yashil kelajakka umid uyg‘otayotganini ko‘rsatadi.
Mazkur hamjamiyat barqaror rivojlanish madaniyatini targ‘ib qilish va bolalar hamda yoshlarni iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha milliy va mintaqaviy strategiyalar tasdiqlangach, 2024-yil avgust oyida tashkil etildi. Shundan beri u dinamik milliy harakatga aylanib, yoshlarning nafaqat ishtirokchilar, balki O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlarini shakllantirishda yetakchilar ekanini isbotladi.

2025–2026 o‘quv yilida mamlakat bo‘ylab 14 ta maktabdan 52 nafar o‘smir ekomaktablar o‘rtasidagi ochiq tanlov orqali saralanib, hamjamiyatga qo‘shildi. Yetakchilik, targ‘ibot va iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha tayyorlovdan so‘ng yosh yetakchilar xabardorlikni oshirish kampaniyalari va ekologik tadbirlarni tashkil etdi. Bunda ularni birinchi guruhning 13 nafar mentori qo‘llab-quvvatlab turdi. Ular xalqaro tadbirlarda, jumladan Ostona shahridagi Mintaqaviy ekologik sammitda, Istanbuldagi Xalqaro yoshlar forumida va Samarqanddagi ECO-EXPO ko‘rgazmasida O‘zbekiston vakillari sifatida ishtirok etdi.
Ularning faoliyati butun mamlakatni qamrab oldi. Ekofestivallarga 400 dan ortiq maktablardan 3 ming nafardan ziyod o‘quvchi va 500 nafar o‘qituvchini jalb qilindi. Qoraqalpog‘istonda chempionlar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy qo‘mita bilan hamkorlikda “Klimaton” - iqlim o‘zgarish muammolariga yechim topish va ekologik loyihalarni ishlab chiqishga oid global miqyosdagi marafonni tashkil etdi. U turli tumanlardagi yoshlarni birlashtirdi va iqlim o‘zgarishining ta’sirlarini kamaytirish hamda unga moslashish bo‘yicha innovatsion g‘oyalar manbaiga aylandi.

O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda yosh ekologiya chempionlari "Toza o‘yinlar"ni tashkil etdi va tarixda birinchi marta mamlakatning barcha hududlarida bir vaqtda o‘n to‘rtta tadbir o‘tkazdi. Buxoro va Navoiydan bo‘lgan ikki chempion milliy "Yashil innovatsiyalar" tanlovida g‘olib bo‘lib, chiqindilarni saralash va daraxtlarni parvarish qilish loyihalari uchun boshlang‘ich mablag‘ni oldi.
O‘tgan yil davomida 52 nafar eko-chempionlar mamlakat bo‘ylab jami 17 ming 831 nafar bola va yoshlarni safarbar qilib, ularga trening o‘tkazdi, 1 ming 909 dona daraxt ekdi va qayta ishlash uchun 18 tonnadan ortiq chiqindi to‘pladi. Ushbu yutuqlar yoshlarning atrof-muhitga bo‘lgan munosabatlari qanday o‘zgartirayotganini, g‘amxo‘rlik va mas’uliyat madaniyatini rivojlantirayotganini hamda O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va butun sayyorada yanada yashil kelajakka umid uyg‘otayotganini ko‘rsatadi.

Iyul oyida hamkorlar O‘zbekistonning barcha viloyatlaridagi ekologik maktablardan Yosh eko-chempionlarning uchinchi gurihini shakllantirish uchun tanlovni e’lon qiladi. Ushbu sa’y-harakatlar yoshlar boshchiligidagi tashabbusni davom ettirish, kengaytirish va milliy iqlim kun tartibini yanada shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
N.Usmonova,
O‘zA