Toshkent avtobuslarida xizmat sifati qanday?
Poytaxtda jamoat transporti tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish hamda tashuvchilar mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada avtobus yo‘nalishlarida joriy etilgan brutto-shartnoma tizimi o‘zining ijobiy samarasini berayotgani kuzatilmoqda.
Hozirda “Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi tomonidan shahar avtobus yo‘nalishlarida brutto-shartnoma talablari ijrosi yuzasidan muntazam monitoring va nazorat tadbirlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.
Amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlari natijalariga ko‘ra, tashuvchi korxonalar tomonidan minimal talablarni buzish bilan bog‘liq holatlar sezilarli darajada qisqargan. Bu esa yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati bosqichma-bosqich yaxshilanayotganidan dalolat beradi.
Xususan, 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida brutto-shartnomada haydovchilar va avtobuslarga qo‘yilgan talablarni buzish holatlari 50,5 foizga kamaydi. Shu bilan birga, tashuvchi korxonalar tomonidan bajarilayotgan qatnovlarda belgilangan sifat mezonlariga rioya qilish darajasi ham oshdi. 2026-yilda mazkur ko‘rsatkich 46 foizga yetgani qayd etildi.
Mutaxassislarning fikricha, brutto-shartnoma tizimi tashuvchilarning xizmat sifati uchun mas’uliyatini oshirish, avtobuslar harakatini muntazam nazorat qilish va yo‘lovchilar uchun xavfsiz hamda qulay transport xizmatini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Kelgusida ham monitoring ishlarini izchil davom ettirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va jamoat transporti xizmatlari sifatini yanada yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA