Chimboylik yoshlar qo‘llab-quvvatlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanidagi “Tazg‘ara” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini ta’minlash maqsadida 11 nafar yoshga jami 8 gektar yer maydoni ajratilgan.
Bugungi kunda ushbu maydonning 4 gektarida yetishtirilgan pomidor hosili tuman dehqon bozorlariga yetkazib berilmoqda. Natijada yoshlar o‘z mehnati hisobiga barqaror daromad manbaiga ega bo‘lib, o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatini yaratmoqda.
Yer maydonlarida suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan. Zamonaviy usul ekinlarning sog‘lom va sifatli rivojlanishini ta’minlash bilan birga suv tejamkorligiga ham xizmat qilmoqda.
[gallery-30704]
Ajratilgan yerning qolgan qismida qovoq va sabzi yetishtirilmoqda. Agrotexnik tadbirlar belgilangan talablar asosida olib borilayotgani bois ushbu maydonlardan ham mo‘l hosil olinishi kutilmoqda.
Yoshlarning bilim va tajribasini oshirish maqsadida ularga Chimboy tumani Agroxizmatlar markazining agromaslahatchilari biriktirilgan. Mutaxassislar tomonidan zamonaviy agrotexnologiyalar, dehqonchilik usullari va ekinlarni parvarishlash bo‘yicha muntazam amaliy tavsiyalar berib borilmoqda.
Mazkur tashabbus yoshlar bandligini ta’minlash, ularni qishloq xo‘jaligi sohasiga keng jalb etish hamda zamonaviy dehqonchilik madaniyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, u yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA