Toshkent – Andijon yo‘nalishida birinchi tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi(+video)
Toshkent–Andijon–Toshkent yo‘nalishida zamonaviy tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Shu munosabat bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun mediatur tashkil etildi. Tadbir davomida temir yo‘l sohasida, xususan, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-391-son qarorida temir yo‘l transportida yo‘lovchi tashish faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Qaror ijrosi doirasida rejadagi 6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdning 3 tasi mamlakatimizga olib kelindi.
Shu jumladan, Xitoydan olib kelingan 2 ta “CRRC-Dalian” tezyurar elektropoyezdning biri 9-sentabrdan Xiva–Buxoro–Xiva yo‘nalishida qatnay boshladi. 10-sentabrdan esa ikkinchi elektropoyezd ilk bor Toshkent–Andijon–Toshkent yo‘nalishida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.
730/729-sonli elektropoyezd mazkur yo‘nalishda amaldagi poyezd tarkibi o‘rniga yo‘lga qo‘yildi. 730-sonli Toshkent–Andijon poyezdi har kuni soat 09:20 da Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalidan harakatlanib, Angren, Pop, Qo‘qon va Marg‘ilon vokzallarida to‘xtaydi. Poyezd soat 13:35 da Andijonga yetib boradi. Safar davomiyligi 4 soat 15 daqiqani tashkil etadi.
729-sonli Andijon–Toshkent poyezdi esa har kuni soat 15:38 da Andijon vokzalidan jo‘naydi. U Marg‘ilon, Qo‘qon, Pop va Angren vokzallarida to‘xtab, soat 19:53 da Toshkent markaziy temir yo‘l vokzaliga yetib keladi. Zamonaviy elektropoyezd 5 ta vagondan iborat bo‘lib, yo‘lovchilar uchun barcha zarur qulayliklar bilan jihozlangan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/FC3dJvTglC8" title="TOSHKENTDAN ANDIJONGA YANGI TEZYURAR POYEZD YO‘LGA QO‘YILDI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nozimjon Mardonov, O‘zA