Suyultirilgan gaz yetkazib berishda yangi tizim joriy etiladi
Suyultirilgan gaz ta’minotida aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, yetkazib berish jarayonini qulay va shaffof qilish maqsadida yangi tizim joriy etiladi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Yangi tartib dastlab Andijon viloyatida sinovdan o‘tkaziladi. Xususiy operatorlar jalb etiladi va iste’molchilarga kamida ikki operator xizmat ko‘rsatishi orqali raqobat muhiti shakllantiriladi.
Aholi uchun mobil ilova va onlayn xizmatlar yo‘lga qo‘yilib, buyurtma berish hamda hisob-kitob jarayonlari raqamlashtiriladi. Operatorlar esa zarur litsenziya va ruxsatnomalarga ega, shuningdek, malakali muhandis-texnik bo‘lishi talab etiladi.
Hudud ehtiyojidan kelib chiqib, shaharsozlik normalari va yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan shoxobchalar tashkil etiladi. Shuningdek, gaz yetkazib berish grafigi aniq belgilanib, hisob-kitob va taqsimot jarayoni raqamlashtiriladi.
Bu choralar sun’iy taqchillik va asossiz narx oshishining oldini olish, ta’minot ustidan nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Andijondagi mazkur pilot loyiha natijalari asosida samarali mexanizmlar boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy etiladi. Natijada gaz yetkazib berish muddati qisqaradi, xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanadi va ta’minot jarayoni yanada shaffof bo‘ladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA