Toshkent — 2027-yilgi para yengil atletika bo‘yicha jahon chempionati mezboni
Toshkent shahri 2027-yilda para yengil atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilishi rasman tasdiqlandi. Ushbu nufuzli musobaqa nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor o‘tkazilishi bilan tarixiy ahamiyat kasb etadi.
Mazkur dunyo birinchiligi 2027-yil iyun oyida poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” tarkibiga kiruvchi “Olimpiya” stadionida bo‘lib o‘tadi.
“Toshkent-2027” musobaqasi tartib bo‘yicha XIII para yengil atletika bo‘yicha jahon chempionati hisoblanadi. Shuningdek, ushbu turnir Osiyo qit’asida beshinchi bor tashkil etiladi. Ilgarigi mezbon shaharlar sifatida Doha (2015), Dubay (2019), Kobe (2024) va Nyu-Dehli (2025) qayd etilgan.
Musobaqada 100 dan ortiq mamlakatdan taxminan 1300 nafar sportchi ishtirok etishi kutilmoqda. Bu esa ushbu jahon chempionatini Markaziy Osiyo tarixidagi eng yirik xalqaro parasport tadbiriga aylantiradi. Musobaqa dasturi Paralimpiya o‘yinlari dasturiga mos holda shakllantiriladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA