Tinchlikdan taraqqiyotgacha: dunyo BMTdan qanday yechim kutmoqda?
Joriy yilning 8-sentabr kuni Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi ochilishi kutilmoqda. Shuningdek, 28-sentabrda davlat va hukumat rahbarlarini bir joyda jamlaydigan yuqori darajadagi umumiy muhokamalar bo‘lib o‘tadi.
BMT rasmiy platformasida sessiya oldida turgan asosiy vazifa global hamkorlikni qayta jonlantirish, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga yangi sur’at berish hamda tinchlik, inson qadri va tenglik yo‘lida jamoaviy harakatlarni kuchaytirish sifatida belgilangan.
Demak, asosiy masala faqat dunyodagi muammolar ro‘yxatini yana bir bor sanab o‘tish emas. Muhimi – bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib ketgan tahdidlarga umumiy siyosiy javob topishdir.
Tinchlik endi faqat urushni to‘xtatish bilan o‘lchanmaydi
Bugungi xalqaro vaziyat BMT oldiga avvalo, tinchlik va xavfsizlik masalasini yangicha qo‘ymoqda, chunki zamonaviy mojarolarning oqibati faqat front chizig‘i bilan cheklanib qolmayapti. Ular migratsiya oqimlari, oziq-ovqat xavfsizligi, energetika bozori, savdo yo‘llari va hatto iqlim muammolarigacha ta’sir ko‘rsatmoqda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 2026-yil uchun ustuvor vazifalarni belgilar ekan, muhim bir haqiqatga e’tibor qaratdi: barqaror tinchlik ziddiyatning tashqi ko‘rinishini bartaraf etish bilangina ta’minlanmaydi, uning ildiz sabablariga ham ta’sir ko‘rsatish zarur.
Shu ma’noda, kambag‘allik, tengsizlik, zaif davlat institutlari va taraqqiyot imkoniyatlarining cheklangani xavfsizlik muammosidan alohida emas, balki uning tarkibiy qismi sifatida qaralmoqda.
Bu yondashuv 81-sessiyaning siyosiy mantig‘ini ham belgilaydi. Tinchlik, taraqqiyot va inson huquqlarini bir-biridan ajratib hal qilish mumkin emasligi tobora yaqqol anglashilmoqda. Shu bois, BMT uchun bugungi eng katta chaqiriqlardan biri — nizolarga munosabat bildirish bilan cheklanib qolmasdan, ularning oldini olish mexanizmlarini kuchaytirishdir. Bu esa diplomatiya, xalqaro huquq va profilaktik hamkorlikning ahamiyatini yanada oshiradi.
81-sessiya kun tartibidagi ikkinchi yirik masala – Barqaror rivojlanish maqsadlari. BMTning joriy yilgi hisobotiga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilda toza ichimlik suvi, elektr energiyasi, tibbiy xizmatlar va raqamli texnologiyalarga kirish imkoniyatlarini kengaytirish borasida milliardlab insonlar hayotiga ta’sir qilgan ijobiy natijalarga erishildi. Ammo umumiy manzara bir tekis emas: nizolar, iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashuvi, qarz yuki va rivojlanish uchun tashqi moliyalashtirishning qisqarishi ko‘plab mamlakatlarning imkoniyatlarini cheklamoqda.
Mavjud tendensiyalardan kelib chiqilsa, Barqaror rivojlanish maqsadlarining katta qismi belgilangan muddatgacha to‘liq amalga oshmasligi xavfi saqlanib qolmoqda. BMT Bosh kotibi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, maqsadlar qabul qilinganidan o‘n yil o‘tgach, ularning uchdan ikki qismi bo‘yicha sur’at yetarli darajada emas. Rivojlanayotgan mamlakatlarning 2030-yilgacha ushbu vazifalarni bajarishi uchun zarur resurslar bo‘yicha yillik moliyaviy taqchillik esa 4 trillion dollardan oshmoqda.
Bu raqamlar muhim bir savolni o‘rtaga chiqaradi: dunyo 2030-yil uchun qabul qilingan maqsadlarni qayta tasdiqlash bilan kifoyalanadimi yoki ularni amalga oshirish mexanizmlarini ham tubdan kuchaytiradimi?
81-sessiya aynan shu nuqtada yangi siyosiy turtki berishi kutilmoqda. BMTning o‘zi ham keyingi to‘rt yil hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlamoqda. Gap endi umumiy majburiyatlar haqida emas, samarasi isbotlangan yechimlarni keng ko‘lamda joriy etish, investitsiyalarni ko‘paytirish, texnologiya va bilimlarga tengroq kirish imkonini yaratish haqida bormoqda.
Iqlim masalasi alohida yo‘nalish emas, barcha muammolar kesishgan nuqta
Yangi sessiyaning yuqori darajadagi tadbirlari orasida iqlim bo‘yicha harakat mavzusi ham bor. Iqlim o‘zgarishi xalqaro kun tartibining chekkasidagi ekologik mavzu emas, balki iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot bilan bevosita bog‘liq masalaga aylanganini ko‘rsatadi, chunki iqlim o‘zgarishining ta’siri davlatlarni bir xil darajada qamrab olmaydi. Ayrim mamlakatlar texnologik va moliyaviy imkoniyatlari tufayli moslashish choralarini ko‘rishga qodir bo‘lsa, boshqalar tabiiy ofatlar, suv tanqisligi va qishloq xo‘jaligiga yetkazilayotgan zarar oldida ancha zaif holatda qolmoqda.
Shu nuqtai nazardan, “adolatli o‘tish” tushunchasi 81-sessiya uchun muhim siyosiy mazmun kasb etadi, ya’ni “yashil” iqtisodiyotga o‘tish faqat karbon chiqindilarini qisqartirish emas, balki bu jarayonning ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarini ham hisobga olishni anglatadi.
Asosiy masala - hamkorlikni saqlab qolish
Bugungi dunyoda BMTning ahamiyati haqida bahslar ko‘paygani tabiiy. Xalqaro tashkilotlar samaradorligiga nisbatan savollar, geosiyosiy raqobat va yirik davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar multilateralizmning o‘ziga bosim o‘tkazmoqda, biroq paradoks shundaki, global hamkorlikka ehtiyoj aynan uni ta’minlash eng qiyin bo‘lib turgan davrda kuchaymoqda.
Pandemiyalar milliy chegaralarda to‘xtamaydi. Iqlim o‘zgarishi pasport so‘ramaydi. Yadroviy xavf yoki kibertahdidlar bir davlatning imkoniyatlari bilan hal etiladigan muammolar emas. Shu ma’noda, BMT 81-sessiyasi xalqaro tizimning navbatdagi yig‘inlaridan biri bo‘lish bilan cheklanmaydi. U umumiy qoidalar asosida harakat qilish g‘oyasi hali ham hayotiy zarurat ekanini namoyon etishi kerak.
Sessiya oldidagi vazifa shuning uchun ham murakkab: turli milliy manfaatlarni inkor etmagan holda umumiy manfaat maydonini kengaytirish. BMTning 81-sessiyasi ana shu savolga javob izlaydi: o‘zaro ishonch kamayib, raqobat kuchayib borayotgan dunyoda davlatlar hamkorlik qilish qobiliyatini saqlab qola oladimi?
Dunyo kundan-kunga o‘zgaryapti. Iqtisodiy markazlar siljigan, yangi kuch markazlari paydo bo‘lmoqda, texnologiyalar davlatlar qudrati va xalqaro munosabatlar tabiatini o‘zgartirmoqda. Shu sharoitda global qarorlar qabul qilish tizimida rivojlanayotgan mamlakatlar ovozini kuchaytirish, xalqaro moliya institutlarini zamon talablariga moslashtirish va BMT mexanizmlari samaradorligini oshirish masalasi tobora dolzarblashmoqda.
Global majburiyatlarning amalga oshishi ko‘p jihatdan bitta omilga — moliyaviy imkoniyatlarga bog‘liq. Rivojlanayotgan davlatlar tashqi qarz yuki va investitsiya taqchilligi sharoitida taraqqiyot vazifalarini bajarishga harakat qilmoqda. Shuning uchun xalqaro moliya arxitekturasini yangilash masalasi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu yerda gap faqat ko‘proq mablag‘ ajratish haqida emas. Mavjud moliyaviy tizimning qay darajada adolatli va zamonaviy voqeliklarga mos ekani haqida bormoqda, chunki katta maqsadlarni qabul qilish mumkin, ammo ularni amalga oshirish uchun imkoniyat yaratilmasa, eng yaxshi deklaratsiya ham natija bermaydi.
Bosh Assambleyaning yuqori darajadagi muhokamalarida dunyo liderlari muhim tashabbuslar bilan chiqishi, keskin muammolarga munosabat bildirishi tabiiy. Sessiyaning haqiqiy ahamiyati Nyu-Yorkdagi nutqlar bilan emas, ulardan keyingi harakatlar bilan o‘lchanadi.
Ekspertlar fikricha, BMTning kelajakdagi nufuzi qabul qilinadigan hujjatlar soni bilan emas, davlatlarni amalda bir maqsad atrofida birlashtira olish qobiliyati bilan belgilanadi. Zero, bugungi dunyo oldidagi eng murakkab masala muammolarni aniqlash emas. Ularni hal qilish uchun kelishuvga erishishdir.
Musulmon Ziyo, O‘zA