Shimoliy Koreya va Rossiya chegarasida ilk avtomobil ko‘prigi ochildi
KXDR va Rossiya Tuman daryosi orqali o‘tuvchi ilk avtomobil ko‘prigini foydalanishga topshirdi. “TASS” axborot agentligi xabariga ko‘ra, ikkala tomon ham ushbu inshootni o‘zaro strategik sheriklikni mustahkamlashdagi muhim qadam sifatida e’tirof etgan.
Ta’kidlanishicha, mazkur avtoyo‘l 1959-yilda Koreya urushidan so‘ng qurilgan "Do‘stlik ko‘prigi" nomli temir yo‘l o‘tkazmasi yaqinida joylashgan. Hozirda Moskva va Pxenyan o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri avia va temir yo‘l qatnovlari ham mavjud.

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin videoaloqa orqali o‘tkazilgan ochilish marosimida ushbu ko‘prik ikki davlat o‘rtasida turizmni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikka kuchli turtki berishini ta’kidladi.
Qurilish loyihasi yillar davomida muhokama qilingan bo‘lib, unga aynan RF yetakchisi Vladimir Putinning 2024-yilda Shimoliy Koreyaga qilgan tashrifi chog‘ida yakuniy kelishuvga erishilgach, o‘tgan yilning aprel oyida amaliy start berilgan edi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar 2022-yilda Ukrainadagi nizo boshlanganidan beri sezilarli darajada jipslashdi. Xususan, Pxenyan Kursk viloyatida Ukraina qo‘shinlariga qarshi kurashda yordam berish uchun minglab harbiylarini Rossiyaga yuborgan edi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA