TikTok Braziliyada 25,5 million yevro jarimaga tortildi
Braziliya Milliy ma’lumotni himoya qilish idorasi "TikTok" ijtimoiy tarmog‘i egasi "Byte Dance" kompaniyasini bolalar va o‘smirlar shaxsiy ma’lumotini qonunga xilof tarzda qayta ishlagani uchun 153,7 million real – qariyb 25,6 million yevro jarimaga tortdi. Tekshiruv chog‘i 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarni himoya qilish chorasi yetarli darajada samara bermagani aniqlangan.
Kompaniya noqonuniy to‘plangan ma’lumotni o‘chirish va bolalar xavfsizligini kuchaytirish maqsadida tuzilgan maxsus rejani bajarishi kerak. Ya’ni, 16 yoshgacha bo‘lganlar sahifasida qat’iy maxfiylik sozlamasini joriy etish, ota-ona nazoratini kuchaytirish va mahsulotni tozalash tizimini takomillashtirish talabi qo‘yilgan.
Ro‘yxatdan o‘tmasdan foydalaniladigan “TikTok” versiyasi uchun ham yangi cheklov belgilandi. Endi Braziliya hududida reklama to‘xtatiladi, faqat barcha yoshdagilarga mos kontent namoyish etiladi va foydalanish vaqti 12 soat bilan cheklanadi. Shunday rejimda jonli efirni ko‘rish va yuklash ham taqiqlanadi.
Braziliya so‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoq ustidan nazoratni kuchaytirmoqda. Yangi qonun 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilar sahifasini ota-ona akkauntiga bog‘lash va yoshni tasdiqlashni taqozo qiladi.
Avvalroq mamlakatda “Discord” platformasiga ham jonli efir va video qo‘ng‘iroqni vaqtincha to‘xtatish talabi qo‘yilgan edi.
Musulmon Ziyo, O‘zA