Hurmuz inqirozi Yevropa Ittifoqiga 41 mlrd yevro zarar keltirdi (+video)
Erondagi urushdan keyin narxlarning keskin oshishi va Yaqin Sharqda ta’minotdagi uzilishlar tufayli Yevropa davlatlari yoqilg‘i importi uchun qo‘shimcha milliardlab yevro sarfladi. Yevropa va xalqaro tashkilotlar Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayenni neft va gazdan voz kechish rejasini taqdim etishga chaqirmoqda, deb xabar berdi Euronews.
Energetika va toza havo tadqiqotlari markazit hisobotiga ko‘ra, Niderlandiya, Italiya, Fransiya va Ispaniya Yaqin Sharqdagi ta’minotdagi uzilishlar sabab yoqilg‘i importi uchun qo‘shimcha xarajatlari eng ko‘p oshgan o‘nta davlat qatoriga kiradi. 2026yil mart-avgust oylari oralig‘ida Niderlandiya taxminan 11,5 milliard yevro qo‘shimcha xarajat qilgan. Undan keyin Italiya — 12,7 milliard yevro, Fransiya — 10,8 milliard yevro va Ispaniya — 8,8 milliard yevro qo‘shimcha sarflagan. Ushbu to‘rtta davlat qazib olinadigan yoqilg‘i uchun jami qariyb 41 milliard yevro qo‘shimcha mablag‘ sarflagan, ammo import hajmini oshirmagan.
Bu raqamlar Yevropa iqtisodiyoti jahon neft va gaz narxlariga qanchalik bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.
Suyultirilgan tabiiy gaz narxi Atlantika hududida 60 foizga, Tinch okeani havzasida esa 75 foizga oshgan. AQSH va Isroil 28-fevral kuni Eronga qarshi urush boshlaganidan beri dizel va benzin narxi 59 foizga ko‘tarilgan.
Yaqin Sharqdagi yo‘qotilgan ta’minot o‘rnini qoplash uchun AQSH va Norvegiya yilning birinchi choragida Yevropa Ittifoqiga neft mahsulotlari yetkazib beruvchi eng yirik davlatlarga aylangan.
Yevropa uchun dizel yoqilg‘isining yetishmasligi ayniqsa og‘ir kechmoqda, chunki Yevropa Ittifoqi yuk tashish, qishloq xo‘jaligi va sanoatda bu yoqilg‘iga katta darajada bog‘liq. Yoqilg‘i narxining oshishi butun ta’minot zanjiri bo‘ylab xarajatlarni ko‘paytiradi va oxir-oqibat tovarlar narxining oshishiga olib keladi.
2020-yildan beri Yevropa Ittifoqida ishga tushirilgan toza energetika quvvatlari inqirozning dastlabki besh oyida import qiluvchi davlatlarga qazib olinadigan yoqilg‘i xaridi uchun 36 milliard yevro tejash imkonini bergan. Shuning uchun ekologik tashkilotlar Yevropa Ittifoqini qazib olinadigan yoqilg‘idan voz kechishga chaqirmoqda. Ayni paytda Yevropaning va xalqaro tashkilotlarning 100 dan ortiq vakili imzolagan maktubda Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayendan umumiy strategiya ishlab chiqish va qazib olinadigan yoqilg‘idan voz kechish rejasini e’lon qilish so‘ralgan. Maktubda Yevropa uchun hozirgi qazib olinadigan yoqilg‘i inqirozini so‘nggi inqirozga aylantirish maqsadida ilmiy asoslangan va mustaqil keng qamrovli hisobot tayyorlashga chaqiriq bildirilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/LVeQWiv_eZU" title="Hurmuz inqirozi Yevropa Ittifoqiga 41 mlrd yevro zarar keltirdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA