Tibbiyot yo‘nalishida ham Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini olish mumkinmi?
Yurtimizda iqtidorli, tashabbuskor va o‘z sohasida yuksak natijalarga erishayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti uchun nomzodlarni saralash jarayoni davom etmoqda.
Bu yilgi tanlovning muhim yangiliklaridan biri — mukofot yo‘nalishlari qatoriga tibbiyot sohasining ham kiritilgani.
Mazkur mukofotga 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan, a’lo xulqi, yuksak iqtidori hamda tashabbuskorligi bilan ajralib turadigan, so‘nggi uch yil davomida xalqaro yoki respublika miqyosida yuqori natijalarga erishgan xotin-qizlar nomzod sifatida qatnashishi mumkin.
Yangi tartibga ko‘ra, nomzodlar endi to‘qqizta yo‘nalish — ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, jamoatchilik faoliyati va tibbiyot bo‘yicha saralanadi. Tibbiyot yo‘nalishining qo‘shilishi ushbu sohada samarali faoliyat olib borayotgan, ilmiy izlanishlari va tashabbuslari bilan e’tibor qozonayotgan yosh xotin-qizlarning yutuqlarini e’tirof etish imkonini kengaytiradi.
Tanlovda ishtirok etish istagidagi talabgorlar onlayn ro‘yxatdan o‘tishi va zarur hujjatlarni doimiy yashash joyidagi tuman yoki shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limlariga taqdim etishi lozim.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti yosh xotin-qizlarning iqtidori, mehnati va jamiyat hayotidagi faolligini e’tirof etishga xizmat qiladi. Shu bois o‘z sohasida salmoqli natijalarga erishgan yoshlar uchun ushbu tanlov o‘z salohiyatini namoyon etish va yuksak e’tirofga sazovor bo‘lish imkoniyatidir.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA