Chortoq dalalarida kuzgi g‘alla ekish ishlari qizg‘in pallada
Qishloq xo‘jaligida mo‘l hosil yetishtirish, avvalo, mavsumiy agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli tashkil etishga bog‘liq. Ayniqsa, kuzgi g‘alla ekinida urug‘ni maqbul muddatlarda qadash, yerni ekishga puxta tayyorlash va agrotexnik talablarga rioya qilish kelgusi yil hosili uchun mustahkam zamin yaratadi.
Namangan viloyati Chortoq tumanida ham 2027-yil hosili uchun boshoqli don ekinlarini ekish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Joriy mavsumda tuman bo‘yicha jami 1 ming 832 gektar maydonga g‘alla ekish rejalashtirilgan. Shundan 1 ming 66 gektari ochiq maydonlar, 766 gektari esa g‘o‘za qator oralariga to‘g‘ri keladi.
Ayni kunlarda dala mehnatkashlari mavsumni belgilangan muddatlarda yakunlash maqsadida bor imkoniyatlardan samarali foydalanmoqda. Ochiq maydonlarda yerni ekishga tayyorlash, tekislash va urug‘ ekishga hozirlash ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, tayyor maydonlarda g‘alla ekish jarayoni jadal davom etmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, kuzgi g‘allani o‘z vaqtida ekish urug‘larning unib chiqishi, o‘simliklarning qishki sovuqqacha ildiz tizimini mustahkamlashi va bahorda bir tekis rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega. Shu bois dala ishlarida agrotexnik talablarga amal qilish, urug‘lik sifati va yerning holatiga alohida e’tibor qaratishga ustuvor vazifa sifatida yondashilmoqda.
[gallery-31900]
Chortoqlik fermerlar oldidagi asosiy vazifa — ekish ishlarini sifatli va o‘z vaqtida bajarib, kelgusi yilda mo‘l va sifatli don hosili yetishtirish uchun zarur zamin yaratishdan iborat.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA