Tibbiyot xabarlari
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Yig‘ilish davomida farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, tarmoqni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va strategik vazifalar muhokama qilindi. Shuningdek, xalqaro hamkorlik natijalari, yangi hamkorlik imkoniyatlari hamda kelgusidagi istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashildi. Muloqotda mamlakatimizda yangi turdagi dori vositalarini mahalliylashtirish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish muhim vazifalardan biri ekani ta’kidlandi. Shuningdek, eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish hamda xalqaro tajribani joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi. Yig‘ilish yakunida soha tadbirkorlari tomonidan farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan qator taklif va tashabbuslar bildirildi.
***
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi hamda Indoneziya Respublikasining Dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlarini nazorat qilish agentligi (BPOM) vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuvda JSTning Global Benchmarking Tool (GBT) dasturi doirasida milliy regulyator tizimini baholash jarayoniga tayyorgarlik hamda kelgusida WHO Listed Authority (WLA) maqomiga erishish yo‘lidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, Indoneziyaning Dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlarini nazorat qilish agentligi (BPOM) – Indoneziyada dori vositalari, vaksinalar, tibbiy mahsulotlar, biologik preparatlar, oziq-ovqat hamda kosmetika mahsulotlarining sifati, xavfsizligi va samaradorligini davlat tomonidan nazorat qiluvchi vakolatli regulyator organ hisoblanadi. Agentlik mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ishlab chiqarish va muomalasini nazorat qilish, inspeksiya, laboratoriya sinovlari, farmakonazorat hamda iste’molchilar salomatligini himoya qilishga qaratilgan nazorat tadbirlarini amalga oshiradi. BPOM Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) bilan yaqin hamkorlik qiladi va WHO Global Benchmarking Tool (GBT) baholash tizimi bo‘yicha Maturity Level 3 (ML3) darajasiga erishgan nufuzli milliy regulyator organlardan biri sanaladi. Shu bois uning tajribasi boshqa davlatlar, jumladan O‘zbekiston milliy regulyator tizimini takomillashtirishda muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuvda Markaz vakillari mamlakatda dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini davlat tomonidan tartibga solish tizimi, amalga oshirilayotgan institutsional va normativ-huquqiy islohotlar, shuningdek, milliy regulyator tizimini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talablariga muvofiqlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Alohida e’tibor milliy regulyator tizimini yetuklikning uchinchi darajasi (Maturity Level 3)ga olib chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaratildi.
BPOM mutaxassislari esa Indoneziyaning samarali regulyator tizimini shakllantirish tajribasi, ML3 darajasiga erishish bosqichlari hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqlab, erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston milliy regulyator tizimini takomillashtirish hamda WHO Listed Authority maqomiga erishish jarayoniga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
***
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Prezidentimizning 2026-yil 12-maydagi tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tomonidan hududlarda oziq-ovqat xavfsizligi sohasida faoliyat yuritayotgan inspektorlar (sanitariya vrachlari) uchun maxsus sayyor o‘quv kurslari tashkil etildi. Hozirgi kunga qadar 100 dan ortiq mutaxassislar ushbu o‘quvlarda malaka oshirdi.
Bo‘lib o‘tayotgan kurslarda inspektorlarga sohadagi qonunchilik yangiliklari, xalqaro standartlar, xalqaro me’yorlarga muvofiqlashtirilgan sanitariya qoidalari va normalari hamda zamonaviy nazorat usullari bo‘yicha chuqurlashtirilgan bilimlar berilmoqda.
O‘quv jarayonida mahsulotlarni ishlab chiqarishdan tortib, iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda xavfsizlik talablari atroflicha muhokama qilinmoqda. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish zanjirida xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va NASSR (HACCP) tizimini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha zarur ko‘nikmalar shakllantirilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, oziq-ovqat xavfsizligi sohasida samarali nazoratni ta’minlash uchun inspektorlarning bilim va malakasini muntazam oshirib borish juda muhim. Ushbu o‘quv kurslari davomida ishtirokchilar yangicha yondashuvlar va zamonaviy nazorat mexanizmlari bilan yaqindan tanishmoqda.
Seminar-treninglar davomida mahsulotlarni saqlash va tashish jarayonlarida uchraydigan xatarlar, savdo ob’ektlarida sanitariya talablariga rioya etilishini nazorat qilish hamda raqamli monitoring tizimlaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu kunga qadar sayyor o‘quv darslari Nukus shahri, Farg‘ona, Andijon, Buxoro va boshqa hududlarning viloyat Sanitariya-epidemiologiya boshqarmalarida o‘tkazildi. Darslarning amaliy qismi esa bevosita mahalliy ishlab chiqarish korxonalarida tashkil etildi.
Mazkur o‘quv kurslari bosqichma-bosqich barcha hududlarda tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu sohada faoliyat yuritayotgan inspektorlarning kasbiy mahoratini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA