Latviya bilan hamkorlikda kooperativlar rivojlantiriladi (+video)
Kooperatsiya - insonlarning foydani ko‘zlab, ixtiyoriy birlashuvi hisoblanadi. Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligida bunday xo‘jaliklar tez ko‘paymoqda. Sababi kooperatsiya a’zolariga ushbu amaliyot juda qulay. Bu borada latviyalik mutaxassislar ham jalb etilib, bir qator loyihalar amaliyotga tatbiq etilmoqda.
O‘rta Chirchiq tumani “Rovatak” mahallasida yashovchi “Usta dehqon” Bahodir Saidamirov tomonidan 10 sotixlik tomorqasida limonchilikni tashkil etib, o‘rtacha 100 mln so‘m daromad olmoqda. “Termos usuli”da isitiladigan issiqxonada 102 tup limon, mandarin ko‘chatlarini o‘tqazib, 5.5 tonnagacha mahsulot olyapti. Biroq uning 65 tonna limonga buyurtmasi bor. Mahalla aholisi kooperatsiyaga birlashib, tomorqalarida “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida limonchilikni yo‘lga qo‘ydilar. Tadbirkor o‘z xonadonida katta sig‘imga ega muzlatkich tashkil qildi. Mahallaning 100 xonadoni doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, joriy yilda ijaraga ajratilgan yana 60 sotix yer maydonida issiqxona qurib, 800 tup limon ko‘chatlarini o‘tqazdi. O‘rtacha 600 mln so‘m daromad olishni mo‘ljallamoqda.
“Do‘stlik” mahallasidan “Lider tadbirkor” Rustam Mivanchimov boshchiligida kichik yer egalaridan iborat jamoa 23 gektar bo‘sh turgan yerda birinchi ekin sifatida piyoz ekdi. Keyin esa ikkinchi ekinga bodring urug‘ini qadadi. Kimdir o‘g‘itiga, yana kimdir sug‘orish ishlariga qaradi, agrotexnik tadbirlariga, dorilashga ham mas’ul belgilandi. Xullas, kooperativning 26 a’zosining har birida bir vazifa bor. Yetishtirilgan mahsulotlarini tayyor va konservalangan xolda sotib, teng foyda oldilar. Xo‘jalikning har bir a’zosi bundan mamnun. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklarining iqtisodiy salohiyati va samaradorligini mustahkamlash” loyihasini tatbiq qilmoqda. Buning uchun Toshkent, Samarqand va Andijon viloyatlarida 3 ta kooperativ tashkil qilinadi va ularni qo‘llab-quvvatlashga 100 ming yevro mablag‘ yo‘naltiriladi.
- Avvalo, loyihamiz Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda, - deydi Kooperativlarni rivojlantirish bo‘yicha yetakchi xalqaro ekspert Liana Fildman. – U O‘zbekistondagi o‘rta va kichik fermerlarning salohiyatini oshirishga qaratilgan. Latviyadan ikki yirik muassasa bu ishlarni rivojlantirishga bel bog‘lagan. Biri Latviya Respublikasi Markaziy moliya va shartnomalar agentligi va ikkinchisi Latviya qishloq hududlarini rivojlantirish markazi. Hozirda viloyatlarda bo‘lib, mavjud vaziyat o‘rganib chiqildi. Buning natijasida uchta viloyat tanlandi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad xo‘jaliklarning bilimini yuksaltirish va ularga xalqaro bozorlarga chiqishlari uchun ko‘maklashishdan iborat. Biz Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda bu vazifalarni amalga oshirib kelmoqdamiz. Loyihalar g‘oliblari aniq bo‘lsa, ularga mablag‘ ajratiladi va namunali xo‘jalik tashkil qilinadi. Bundan tashqari ularga doimiy maslahat berib boriladi, malakaviy yordam ham uzluksiz butun davr mobaynida mahalliy va latviyalik mutaxassis-ekspertlar tomonidan ko‘rsatiladi.
8–11-iyul kunlari Toshkent viloyatining uchta tumanida o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar va axborot-tushuntirish uchrashuvlari o‘tkazildi. Latviya Respublikasi markaziy moliya va shartnomalar agentligi (CFCA) va Latviya qishloq hududlarini rivojlantirish markazi (LLKC) tomonidan tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklarini o‘qitish, kooperativlarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash uchun seminarlar tashkil etildi. Maqsad tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklarining daromadlarini oshirish, qishloq joylarda bandlik imkoniyatlarini kengaytirish, kooperatsiyani rivojlantirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashdan iboratdir.
Seminarlarda dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari, fermerlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchilar, kooperativ rahbarlari, hokim yordamchilari hamda sohaga mas’ul tashkilot vakillari ishtirok etdi. Mazkur tadbirlarda kooperatsiyaning huquqiy asoslari, mahsulot yetishtirish, saqlash va qayta ishlash, eksport bozorlariga chiqish, umumiy resurslardan samarali foydalanish va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish masalalari muhokama qilinib, ishtirokchilarga amaliy tavsiyalar berildi.
Mazkur seminarlar orqali hududlarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining ehtiyojlari o‘rganilib, kooperatsiyani yanada rivojlantirish, kichik ishlab chiqaruvchilarning bozorga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirish va aholining barqaror daromad manbalarini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilab olinmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/J3QhZDF-uNY" title="Latviya bilan hamkorlikda kooperativlar rivojlantiriladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA