Tibbiyot xabarlari
"TIIF-2026 doirasida “Hindiston va O‘zbekiston: ikki davlat - yangi investitsiya markazini yaratish yo‘lida yagona qarash” mavzusida panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur sessiyada O‘zbekiston va Hindistonning rasmiy vakillari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Hindistondagi Favqulodda va muxtor Elchisi Sardor Rustambayev, Hindiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor Elchisi Smita Pant, biznes doiralari vakillari hamda farmatsevtika sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Sessiyada Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov ishtirok etib, mamlakatimizda farmatsevtika sohasini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, "BioPharma City" farmatsevtika klasterida investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida taqdimot o‘tkazdi.
Taqdimot davomida farmatsevtika va tibbiyot sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, soliq va bojxona imtiyozlari, zamonaviy infratuzilma imkoniyatlari hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Hindistonlik tadbirkorlar O‘zbekiston farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, "BioPharma City" klasterida investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va mavjud imtiyozlarga katta qiziqish bildirdi. Shuningdek, ular so‘nggi yillarda mamlakatimiz farmatsevtika tarmog‘ida erishilgan natijalarni yuqori baholab, sohaning jadal rivojlanib borayotganini alohida e’tirof etdi.
Tadbir O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida farmatsevtika, biotexnologiya va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.
***

Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Zafar Qosimov Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy investitsiyalar agentligi davlat maslahatchisi Ayzada Arzmatova bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida farmatsevtika va tibbiyot sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda farmatsevtika mahsulotlari eksportini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan fikr almashdi. Uchrashuv davomida O‘zbekistonda yaratilgan qulay investitsiya muhiti, investorlar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar hamda istiqbolli loyihalar haqida taqdimot o‘tkazildi.
Ayzada Arzmatova Qirg‘iziston Respublikasining investitsiya siyosati va ikki davlat o‘rtasida farmatsevtika hamda tibbiyot sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi. Shuningdek, farmatsevtika mahsulotlari eksportini kengaytirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida Qirg‘iziston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi boshchiligidagi distribyutorlar va importyorlar delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
***

Xitoyning Shanxay shahrida o‘tkazilayotgan "CPHI China 2026" xalqaro ko‘rgazmasi doirasida Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda "Pharm Service" DM vakillari ishtirokida “Uzbekistan MedPharm Forum: Market Overview, Investment & Registration” mavzusida maxsus taqdimot o‘tkazildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston farmatsevtika bozorining rivojlanish tendensiyalari, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, amal qilayotgan soliq imtiyozlari, "BioPharma City" innovatsion klasteri infratuzilmasi hamda dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Forum yakunlari bo‘yicha xalqaro kompaniyalar vakillari bilan B2B uchrashuvlar tashkil etilib, O‘zbekistonda dori vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, texnologiyalar transferi, GMP talablariga muvofiq loyihalarni amalga oshirish, shuningdek distributsiya va investitsiya sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida dunyoning yetakchi farmatsevtika va tibbiyot kompaniyalari bilan qator muzokaralar o‘tkazildi. Jumladan, ilmiy tadqiqotlar va farmatsevtika xizmatlari sohasida WuXi AppTec, investitsiya va ishlab chiqarish hamkorligi bo‘yicha "Shanghai Fosun Pharma", dori vositalari ta’minoti va distributsiyasi yo‘nalishida "Sinopharm Group", zamonaviy tibbiy texnologiyalar sohasida "United Imaging Healthcare" hamda diagnostika va tibbiy jihozlar ishlab chiqarish bo‘yicha "Mindray" kompaniyalari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Mazkur muloqotlar O‘zbekiston farmatsevtika sohasining xalqaro integratsiyasini mustahkamlash, strategik hamkorlik aloqalarini kengaytirish va mamlakatga yuqori texnologiyali investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA