Yozgi ta’til maroqli o‘tmoqda (+video)
Yoz - bolajonlarning sevimli fasli. Har yili bolajonlar yoz faslini orziqib kutadi. Bu faslda kimdir oromgohda dam olishga, yana kimdir qishloqdagi qarindoshinikiga otlanadi. Qishloqdagi bolajonlar esa shaharga kelib, madaniy hordiq chiqarishadi.
“NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi tomonidan “Sarmish” bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohiga press tur tashkil etildi. Ushbu oromgoh eng so‘lim maskanlardan biridir. Joriy yilda 65 yilligini nishonlayotgan oromgoh Sarmish tog‘lari orasida joylashgan bo‘lib, salqin va go‘zal tabiati, qoyatosh suratlari bilan har bir kishini o‘ziga maftun etadi.
– Bugungi kunda Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamg‘armasi tizimida 11 ta sog‘lomlashtirish maskani faoliyat yuritmoqda. Ularning 6 tasi statsionar, 3 tasi kunduzgi, 2 tasi esa mehnat va dam olish oromgohlaridir, – deydi “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi direktori Dilshod Ochilov.
Uning ta’kidlashicha, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati, “Navoiyuran” davlat korxonasi hamda “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasida 70 mingdan ortiq ishchi-xizmatchi mehnat qiladi. Sog‘lomlashtirish maskanlari aynan ularning farzandlari uchun tashkil etilgan bo‘lib, yilning to‘rt faslida faoliyat ko‘rsatadi.
Har bir mavsumda 3 mingdan ziyod bola dam oladi. Natijada yil davomida 12 ming 360 nafar o‘g‘il-qiz sog‘lomlashtirish xizmatlaridan bahramand bo‘ladi.
Mavsumga tayyorgarlik ishlari har yili oktabr-noyabr oylaridan boshlanadi. Bu jarayonda maskanlarni ta’mirlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va zamonaviy jihozlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. Barcha dam olish maskanlari zarur tibbiy uskunalar, maishiy texnika hamda sport anjomlari bilan jihozlangan.
Shuningdek, asosiy sog‘lomlashtirish maskanlarida kombinat, kasaba uyushmalari va jamg‘arma mablag‘lari hisobidan basseynlar ta’mirlanib, maxsus qoplamalar bilan jihozlangan. Bu esa bolalarning xavfsiz va qulay sharoitda hordiq chiqarishiga xizmat qilmoqda.
Ovqatlanish masalasi ham doimiy e’tibor markazida. Taomlar belgilangan me’yor va sanitariya talablari asosida tayyorlanib, sifatli oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalaniladi.
Joriy yilgi yozgi mavsumning birinchi bosqichida 660 nafar bolajon dam olmoqda. Oromgohda 20 ta guruh faoliyat olib boradi. Bolalar uchun kutubxona va 4 ta turli yo‘nalishdagi to‘garaklar tashkil etilgan bo‘lib, ular orqali bolajonlarning qiziqishlari rivojlantirilmoqda. “Baxtli bolalik bolajonlari” shiori ostida boshlangan dam olish jarayonida bolalar uchun turli madaniy, ma’rifiy va sport tadbirlari yo‘lga qo‘yilgan. Oromgohda 74 nafar pedagog-tarbiyachi bolalarning ta’lim-tarbiyaviy jarayonlarini tashkil etmoqda.
[gallery-30019]
– Bolalarning mazmunli va xavfsiz dam olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Kun ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari bilan boshlanadi. Shuningdek, ular uchun besh mahal sifatli ovqatlanish yo‘lga qo‘yilgan, basseyn va turli to‘garaklar faoliyat ko‘rsatadi, – deydi tarbiyachi Farida Hasanova. – Sarmish darasi tarixiy ahamiyatga ega maskan hisoblanadi. Bu yerda petrogliflar va qadimiy yozuv namunalari saqlangan. Yosh avlodni mazkur madaniy meros bilan yaqindan tanishtirish maqsadida har mavsumda sayohatlar tashkil etiladi. Erta tongdan yo‘lga chiqib, oromgoh rahbariyati bilan hamkorlikda ularga qiziqarli ma’lumotlar berib boramiz. Mavsum boshlanishidan avval tarbiyachilar uchun mart oyidan may oyigacha maxsus o‘quv mashg‘ulotlari va seminarlar o‘tkaziladi. Biz oromgohga ikki kun oldin kelib, guruh xonalarini tartibga keltiramiz, burchaklarni bezaymiz va yotoqxonalarni o‘ziga xos uslubda jihozlab, bolalarni munosib kutib olishga tayyorgarlik ko‘ramiz.
“Sarmish” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi nafaqat bolalarning hordiq chiqarishi, balki ularning ijodiy, jismoniy va intellektual rivojlanishida ham muhim o‘rin tutmoqda.
<iframe width="863" height="486" src="https://www.youtube.com/embed/sgRtbo2TNT8" title="Yozgi ta’til maroqli o`tmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari