Tibbiyot xabarlari
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasida O‘zbekiston akkreditatsiya markazi davlat muassasasi hamda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi akkreditatsiya hamkorligi — APAC tashkiloti ishtirokida milliy akkreditatsiya tizimini paritet baholash jarayonlari olib borilmoqda.
Mazkur jarayon doirasida Markazning malaka tekshirish provayderi sifatidagi faoliyati ISO/IEC 17043 xalqaro standarti talablari hamda akkreditatsiya mezonlariga muvofiqligi bo‘yicha joyning o‘zida baholanmoqda.
Baholash davomida malaka tekshirish dasturlarini tashkil etish, natijalarni tahlil qilish, sifat menejmenti tizimi hamda laboratoriyalararo solishtirish sinovlarini o‘tkazish jarayonlari xalqaro talablar asosida o‘rganilmoqda. Ushbu baholash jarayonlari milliy akkreditatsiya tizimining xalqaro e’tirofini mustahkamlash, laboratoriya faoliyatining ishonchliligini oshirish hamda farmatsevtika tarmog‘ida sifat infratuzilmasini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
***
Milliy tibbiyot markazida Xitoyning yirik onkologik tibbiyot kompaniyasi — Concord Medical Group boshqaruvi raisi Yan Szyanyu boshchiligidagi delegatsiya bilan yuqori darajadagi uchrashuv tashkil etildi.
Muloqot davomida markazda onkologik yordamni tubdan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalar muhokama qilindi. Jumladan, radioxirurgiya (gamma-pichoq) markazini tashkil etish, “TAICHI” texnologiyasi asosida to‘liq tana nurlantirish tizimini joriy etish hamda proton terapiya kompleksi orqali kelgusida milliy onkologiya markazini shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar ushbu tashabbuslar nafaqat ilg‘or tibbiy texnologiyalarni joriy etish, balki xalqaro klinik hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va bemorlar uchun yuqori texnologik davolash imkoniyatlarini mamlakat ichida yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida Milliy tibbiyot markazi hamda Concord Medical Group klinikalari faoliyati, imkoniyatlari va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan taqdimotlar ham namoyish etildi.
***
Toshkent davlat tibbiyot universiteti talabalari ishtirokida Islom sivilizatsiyasi markazida ma’rifiy sayyor dars tashkil etildi.
Mazkur tashrif talaba-yoshlarning tarixiy merosga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish hamda ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy-ma’rifiy meros bilan yaqindan tanishtirishga qaratildi.
Islom sivilizatsiyasi markazi Toshkent shahrida joylashgan muhim ilmiy va ma’rifiy maskan bo‘lib, unda islom madaniyati, tarixi va ilm-fan taraqqiyotiga oid noyob manbalar jamlangan. Markazda saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozmalar, noyob kitoblar va tarixiy eksponatlar orqali ajdodlarimizning beqiyos ilmiy merosi keng namoyish etiladi.
Ekskursiya davomida talabalar mazkur maskanning faoliyati bilan yaqindan tanishib, tarixiy manbalar asosida ilm-fan rivoji, buyuk allomalar merosi hamda ularning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Mazkur sayyor dars talabalarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish, tarixiy merosga hurmat ruhini shakllantirish hamda ularni har tomonlama yetuk shaxs sifatida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA