Tibbiyot ta’limida sifatni oshirish – dolzarb vazifa
Bugungi kunda tibbiyot sohasi har bir davlatning eng muhim va mas’uliyatli yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Chunki shifokorlarning bilim darajasi bevosita inson hayoti va sog‘lig‘iga ta’sir qiladi. Inson o‘z hayotini ishonib topshiradigan kasb egalari aynan shifokorlardir. Shu sababli tibbiyot ta’limi tizimini rivojlantirish va sifatini oshirish har qachongidan ham dolzarb masalaga aylanmoqda.
Afsuski, bugungi kunda ayrim hollarda bilim darajasi yetarli bo‘lmagan mutaxassislar sababli bemorlar aziyat chekmoqda. Bu esa jamiyatda tibbiyot tizimiga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi.
Hozirgi tizimda ayrim talabalar texnikum yoki o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga past ball bilan kirib, qisqa muddat ichida tibbiyot sohasiga kirib kelmoqda. Ular yetarli darajada bilim va tajribaga ega bo‘lmasdan turib amaliyotga kirishayotgani esa jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Masalan, bir tanishim shifokorga ko‘ringanida, shifokor unda bitta o‘pka yo‘qligi bo‘yicha tashxis qo‘ygan. Keyinchalik boshqa malakali shifokorga murojaat qilinganda, bu tashxis noto‘g‘ri ekani aniqlangan. Bunday holatlar nafaqat bemorning sog‘lig‘iga, balki uning ruhiy holatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yana bir misol sifatida shuni aytish mumkinki, ba’zi bemorlar oddiy kasallik bilan shifoxonaga murojaat qiladi, ammo noto‘g‘ri tashxis sababli ularning davolanishi cho‘zilib ketadi yoki ahvoli og‘irlashadi. Bu esa vaqt va mablag‘ning behuda sarflanishiga olib keladi.
Muammo faqat texnologiyada emas, balki inson omili, ya’ni kadrlar sifatida ham namoyon bo‘lmoqda. Shu sababli tibbiyotda “sifatli kadr” tamoyili nihoyatda muhim. Chuqur bilimga ega, mas’uliyatli va zamonaviy tibbiyotdan xabardor shifokorlar har qanday jamiyatning eng katta boyligidir.
Ushbu muammoni hal qilish uchun bir nechta muhim choralarni amalga oshirish zarur, nazarimda.
Birinchidan, tibbiyot ta’limi faqat kuchli universitetlar asosida tashkil etilishi kerak. Ta’lim jarayoni yanada qat’iylashib, talabalar chuqur nazariy bilim bilan birga, yetarli amaliy tajriba ham olishlari lozim. Amaliyot soatlarini ko‘paytirish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish zarur. Talaba real amaliyot orqali ham o‘rganishi kerak.
Tibbiyot sohasida ishlash uchun faqat diplom yetarli bo‘lmasligi, balki maxsus sinovlar va malaka tekshiruvlaridan o‘tish tizimi yo‘lga qo‘yilishi kerak. Bu orqali haqiqatan ham bilimli va mas’uliyatli mutaxassislar saralanadi.
O‘rta maxsus va texnikum bitiruvchilarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri mustaqil tibbiy faoliyatga jalb qilish o‘rniga, ularni yordamchi mutaxassis sifatida faoliyat yuritishga yo‘naltirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, tibbiyot sohasida sifatni oshirish – bu inson hayotini himoya qilish demak. Har bir noto‘g‘ri tashxis ortida bir inson taqdiri turadi. Shu sababli, tibbiyot ta’limida sifatni birinchi o‘ringa qo‘yish, kuchli universitetlar tizimini rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.
Inson o‘z hayotini shifokorga ishonib topshiradi. Bu ishonchni oqlash esa har bir tibbiyot xodimining ham burchi, ham mas’uliyatidir.
Maxliyo ISROILOVA,
O‘zJOKU talabasi
O‘zA