Sun’iy intellekt asosida 100 ga yaqin loyiha amalga oshirilmoqda
Toshkent shahridagi "IT Park Uzbekistan" maydonida “Ta’lim, energetika va inklyuziv hududlarni rivojlantirishda sun’iy intellekt va raqamlashtirishning strategik ahamiyati” mavzusida nufuzli xalqaro forum o‘z ishini boshladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki instituti (ADBI), Seul milliy universiteti huzuridagi Davlat boshqaruvini rivojlantirish global instituti (GDI) va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston va Koreya Respublikasining davlat organlari, tahliliy markazlar, oliygohlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Forumning ochilishida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Nozimjon Ortiqov ishtirokchilarni qutlab, global noaniqliklarga qaramasdan O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sishni saqlab qolayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, joriy yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra iqtisodiy o‘sish 8,7 foizni tashkil etgani mamlakatda ichki iqtisodiy faollik kengayayotganini ko‘rsatadi. Bu esa investitsiyalarni jalb qilish, innovatsiyalarni joriy etish va yangi texnologik yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratayotganini anglatadi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatda sun’iy intellektni rivojlantirish uchun zarur institutsional asos shakllantirildi. Xususan, 2030-yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya qabul qilinib, ixtisoslashgan markaz tashkil etildi. Bugungi kunda sun’iy intellekt asosida 100 ga yaqin loyiha amalga oshirilmoqda, davlat organlarining 55 ta ma’lumotlar bazasini yagona data-markazga integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, davlat xizmatlari, moliya, xavfsizlik va transport sohalarida 30 dan ortiq pilot tashabbuslar yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu chora-tadbirlar natijasida O‘zbekiston sun’iy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro indeksda bir yil ichida 17 pog‘onaga ko‘tarilib, Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinni egalladi.

Forum doirasida xalqaro ekspertlar ham o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi. Jumladan, Global davlat boshqaruvini rivojlantirish instituti (GDI) direktori, Seul milliy universiteti vitse-prezidenti professor Kilkon Ko O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollariga to‘xtaldi. Uning fikricha, sun’iy intellekt, ekologik barqarorlik va ma’muriy islohotlar sohasidagi hamkorlik bugungi global chaqiriqlar sharoitida strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Osiyo taraqqiyot banki instituti (ADBI) dekani va bosh direktori Bambang Brodjonegoro o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston rivojlanishida sun’iy intellektning o‘rnini belgilab beruvchi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratdi.

Birinchisi — inson kapitali. Uning ta’kidlashicha, texnologiyalarni chuqur anglaydigan va ulardan samarali foydalana oladigan yoshlar yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, 2030-yilgacha sun’iy intellekt sohasida 5 million mutaxassis tayyorlash maqsadi mamlakatning raqamli kelajakka bo‘lgan qat’iy intilishini namoyon etadi.
Ikkinchi yo‘nalish — inklyuziv o‘sish. Qishloq xo‘jaligida “aqlli” texnologiyalarni joriy etish, jumladan, aniq dehqonchilik, hosildorlikni prognoz qilish va suv resurslarini samarali boshqarish orqali mehnat unumdorligini oshirish, bozorlarga kirish imkoniyatlarini kengaytirish mumkin. Bu esa shahar va qishloq o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutni qisqartirishga xizmat qiladi.
Uchinchi ustuvor yo‘nalish — energetika sohasida transformatsiya. Ekspertning fikricha, iqtisodiy o‘sish bilan birga energiyaga bo‘lgan talab ortib boradi. Shu bois “aqlli tarmoqlar”ni joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini integratsiya qilish va energiya samaradorligini oshirish orqali barqaror rivojlanishga erishish mumkin. Ayniqsa, chekka hududlarda avtonom energiya yechimlarini tatbiq etish orqali energetik kambag‘allikni kamaytirish va aholi farovonligini oshirish imkoni yaratiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA