Tez tibbiy yordam mashinasiga yo‘l bermagan haydovchi javobgarlikka tortildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida tez tibbiy yordam mashinasiga yo‘l bermagan BYD avtomobili harakati aks etgan video tarqaldi.
Unda tez yordam mashinasi ogohlantiruvchi signal chalgan bo‘lsa ham, hatto mikrofon orqali yo‘l berishni so‘rasa ham oldinda harakatlanib ketayotgan haydovchi bunga parvo qilmagan.
Ushbu holat Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan nazoratga olingan. Qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan BYD avtomobili aniqlanib, jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Haydovchi esa ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Soha xodimlari tomonidan haydovchi bilan profilaktik suhbat ham o‘tkazilgan. (Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi musiqa ovozi va konditsioner ishlayotgani sababli ogohlantiruvchi ovozlarni eshitmagan).
Eslatib o‘tamiz, yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, ko‘k yoki qizil rangli mayakcha va maxsus tovushli signal yoqilgan transport vositasi yaqinlashganda, haydovchilar unga to‘sqinlik qilmaslik va ustun o‘tishini ta’minlash uchun darhol yo‘l berishi shart.
Haydovchi o‘ng tomonga yoki yo‘l chetiga o‘tib, zarur hollarda to‘xtab turib bo‘lsa ham tez yordamga yo‘l ochishi lozim. Tez tibbiy yordam mashinasiga qasddan yoki e’tiborsizlik oqibatida yo‘l bermagan haydovchilarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomobili jarima maydoniga qo‘yiladi.
Tez yordam, yong‘in xavfsizligi yoki ichki ishlar organlarining maxsus miltillovchi mayakcha va tovushli signallari yoqilgan transport vositalarining o‘tib ketishiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-moddasi beshinchi qismiga muvofiq, bu holat birinchi marta sodir etilganda bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 5 baravari miqdorida jarima solinadi.
Ushbu holat takroran sodir etilsa, agar ushbu huquqbuzarlik jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, jarima miqdori keskin ortadi yoki haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilishi mumkin.
Kodeksning 17-moddasiga binoan, agar siz orqangizdan kelayotgan tez yordam mashinasiga yo‘l berish maqsadida (masalan, chiziqni bosib o‘tish yoki tezlikni oshirish orqali) yo‘l harakati qoidasini majburan buzgan bo‘lsangiz, bu holat oxirgi zarurat deb baholanadi va sizga nisbatan jarima qo‘llanilmaydi (avtomatlashtirilgan kameralar buni qayd etgan bo‘lsa, bekor qilinadi).
Shunday ekan, yo‘llarda e’tiborli bo‘lib, qoidalarga amal qilaylik. Tez tibbiy yordam mashinasida kimdir hayot uchun kurashayotgan bo‘lishi mumkinligini yoddan chiqarmaylik.
Norgul Abduraimova, O‘zA