Tadbirkorning da’vosi sudda qanoatlantirilmaganda ham davlat boji undirilgani haqli e’tirozlarga sabab bo‘lgan
Endilikda yangi qonun bilan bunga barham berildi. 2026-yil 14-avgustda kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga iqtisodiy va ma’muriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar va tadbirkorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov bilan suhbatlashdik.
– Qonun qabul qilinishiga nima sabab bo‘ldi?
– Huquqni qo‘llash amaliyoti tahlili tadbirkorlar va fuqarolar huquqlarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda sud tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish zarurligini ko‘rsatdi.
Xususan, sud amaliyotini birxillashtirish, sudlar boshqaruvi tizimini soddalashtirish va odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish lozimligi sababli mazkur yangi qonun qabul qilindi.
Tahlillarga ko‘ra, davlat bojining yuqori stavkalari tadbirkorlik sub’ektlari uchun davlat organlarining qarorlari ustidan sud tartibida shikoyat qilish va odil sudlovga erishishda asosiy to‘siq bo‘lib kelgan. Bundan tashqari, da’vo talabi qanoatlantirilmagan taqdirda ham davlat bojining undirilishi tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatib, haqli e’tirozlarga sabab bo‘layotgan edi.
Misol uchun, birgina 2024-yil davomida mingdan ortiq da’vo arizalari ko‘rilmasdan qoldirilgan bo‘lsa-da, da’vogarlardan 23 milliard so‘mdan ortiq davlat boji undirilgan.
Kassatsiya va nazorat instansiyalariga murojaat qilish muddatlarining qisqaligi yoki protsessual tartiblarning murakkabligi odil sudlovga erishish darajasini cheklab qo‘ygan edi.
Shu bilan birga, sud ishlarining hududiy sudlovga tegishliligiga oid protsessual talablar fuqarolar va tadbirkorlarga sudga murojaat qilishida hamda ishlarning sudlarda ko‘rib chiqilishida noqulayliklar tug‘dirgan. Jumladan, birgina 2024-yilda tuman darajasidagi sudlar miqyosida 10 ming 487, viloyat darajasidagi sudlar miqyosida 424 iqtisodiy ishlar bir suddan boshqasiga o‘tkazib ko‘rilgan.
– Demak, qonunning qabul qilinishi byurokratik to‘siqlarga chek qo‘yadi, shundaymi?
– Aynan shunday. Qolaversa, endilikda tadbirkor uchun sud eshiklari keng ochiladi.
Qonun bilan Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslar hamda “Sudlar to‘g‘risida” va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonun bilan ma’muriy sud ishlarini yuritishda huquqi buzilgan shaxsning tanloviga ko‘ra, iqtisodiy sud ishlarini yuritishda esa taraflarning kelishuviga binoan eksterritorial sudlovga tegishlilik mexanizmi joriy etildi. Bunda ishni ko‘rib chiquvchi sudni aniqlash avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali ularning faoliyati samaradorligini oshiriladi. Bu borada yagona sud amaliyoti shakllantiriladi. Bunda mavjud tumanlararo, tuman va shahar iqtisodiy sudlarini tugatish orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida tumanlararo iqtisodiy sudlar faoliyatini yo‘lga qo‘yiladi.
Agar qarzdorga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa va da’vo arizasi ushbu ish doirasida ko‘rilishi lozimligi sababli ko‘rmasdan qoldirilsa, ilgari to‘langan davlat boji qaytariladi.
– Qonundagi o‘zgarishlar tadbirkorlar uchun yana qanday imtiyozlar yaratadi?
– Masalan, da’vo arizasi to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish doirasida ko‘rilishi lozimligi sababli ko‘rmasdan qoldirilganda, to‘langan davlat bojining qaytarib berilishi xalqaro miqyosdagi eng ilg‘or amaliyotlardan biri hisoblanadi. Ushbu norma O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi, xususan, biznes muhiti jozibadorligini baholovchi ko‘rsatkichlardagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
Qonun bilan sudning nufuzi oshirilishi bilan bir qatorda sudga murojaat qiluvchilarga keng imkoniyatlar yaratdi. Endilikda xalq sudni o‘zini qiynayotgan muammolarning yechimi sifatida ko‘ra boshlaydi.
Fuqarolar va tadbirkorlar huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlari joriy etilishi sudga murojaat qilishdagi ortiqcha ovoragarchiliklarga barham beradi. Korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan mexanizmlarni joriy etish orqali aholining sud tizimiga bo‘lgan ishonchi yanada oshadi.
Qonun sud amaliyotini birxillashtirish va sudlarni boshqarish tizimini soddalashtirishga ham xizmat qiladi. Buning natijasida sud qarorlarining sifati va samaradorligi oshib, tadbirkorlik sub’ektlari uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlari yanada kengayadi.
Natijada tadbirkorlik rivojlanadi, huquqiy himoya bor joyda investitsiya ham bo‘ladi. Yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolarning Konstitutsiya bilan kafolatlangan sud orqali himoyalanish hamda sudga shikoyat qilish huquqlari yanada kuchayadi.
Qonunning hayotiy ahamiyati shundaki, u chekka tumanlarda faoliyat yuritayotgan kichik biznes vakillarini ham odil sudlov bilan to‘liq qamrab oladi. Davlat boji bilan bog‘liq to‘siqlarning olib tashlanishi halol tadbirkor uchun adolatni qaror toptirishda muhim imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Norgul Abduraimova suhbatlashdi.