Texnikumda “ochiq eshiklar va karera kuni”
Toshkent davlat transport universiteti qoshidagi Andijon transport texnikumida "Ochiq eshiklar va karera" kuni bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati transport, Avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmalari hamda qator mutasaddi tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi umumta’lim va kasb-hunar maktablari bitiruvchilari ishtirok etdi.
Bitiruvchi yoshlar namoyish etilgan ko‘rgazmalar orqali Andijon transport texnikumidagi mavjud mutaxassisliklar, tahsil olish uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlar bilan tanishdi, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
– “Ochiq eshiklar kuni” da Andijon transport texnikumi faoliyati va o‘qish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik, – deydi Andijon shahridagi 43-umumta’lim maktabi bitiruvchisi Abbosbek Odiljonov. – Transport sohasiga qiziqaman, bu yerdagi sharoit men va do‘stlarimga ma’qul bo‘ldi. Maktabni tamomlab, o‘qishni shu yerda davom ettirish niyatidaman.
[gallery-7051]
Tadbir doirasida tashkil etilgan “Mehnat yarmarkasi” da bitiruvchi yoshlar viloyatdagi qator tashkilotlar faoliyati, ularda ish olib boradigan mutaxassisliklar haqidagi ma’lumotlar, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot ega bo‘ldi. Bitiruvchi yoshlarning faol ishtirokida o‘tgan “Ochiq eshiklar va karera kuni” doirasida madaniy tadbirlar, yoshlarning ishga joylashish, mehnat qonunchiligiga oid huquqiy bilimlarini oshirish mavzusida suhbatlar o‘tkazildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA