Texnikum rahbarlari uchun menejerlik o‘quv kurslari tashkil etildi
Bugungi kunda mamlakatimizda kadrlar tayyorlash va kasb-hunar ta’limi tizimini zamon talablariga moslashtirish, uni mehnat bozori ehtiyojlari bilan integratsiya qilish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida texnikum direktorlari va ularning o‘rinbosarlari uchun menejerlik o‘quv kurslari bo‘lib o‘tmoqda.
Texnikumlar faoliyatini zamonaviy talablar darajasiga ko‘tarish, avvalo, ularning rahbar kadrlarida zamonaviy menejment ko‘nikmalarini shakllantirishni talab etadi. Shu bois o‘quv dasturlarini ishlab chiqish jarayoniga mahalliy mutaxassislardan tashqari xalqaro tajriba va ilg‘or xorijiy amaliyotlar keng jalb etildi.
O‘quv reja va dasturlari A.Avloniy nomidagi milliy institut, Kasbiy ta’lim agentligi va Kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti hamda xalqaro hamkorlar — GIZ, German Sparkassenstiftung va Helvetas loyihasi mutaxassislari bilan birgalikda ishlab chiqildi.
2026/2027 o‘quv yilidan e’tiboran menejerlik sertifikatini qo‘lga kiritgan rahbarlar uchun sezilarli har oylik ustamalar belgilanadi. Bunda texnikum direktorlariga lavozim maoshining 50 foizi miqdorida, direktor o‘rinbosarlariga lavozim maoshining 30 foizi miqdorida har oylik ustama belgilash orqali rag‘batlantirish nazarda tutilgan.
Ushbu moliyaviy rag‘bat rahbarlarning mas’uliyatini oshirish hamda ularning o‘z malakalarini muntazam rivojlantirib borishlariga kuchli turtki beradi. A.Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida boshlangan menejerlik o‘quv kurslari O‘zbekiston kasb-hunar ta’limi tizimida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab bermoqda. An’anaviy ma’muriy boshqaruvdan zamonaviy menejmentga o‘tish texnikumlarning mehnat bozori bilan hamkorligini kuchaytiradi, ta’lim sifatini oshiradi va raqobatbardosh kadrlar yetishib chiqishiga xizmat qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA