Elektron hisobot yuritish bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi
Ko‘zi ojiz fuqarolar uchun raqamli imkoniyatlar kengaymoqda. O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati faoliyatida elektron tizimlar orqali yangi davr boshlandi. Bu inklyuzivlikni qanday mustahkamlaydi?
Bugungi kunda raqamlashtirish tubdan takomillashib bormoqda. Bunday imkoniyatdan esa har bir kishi foydalanishga haqli. Xususan, yurtimizda olib borilayotgan inklyuziv tenglikka qaratilgan siyosat natijasida ko‘rish imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz ham o‘z texnik salohiyatlarini munosib namoyon etib kelmoqda.
Shu maqsadda, O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati tomonidan tizimdagi bo‘linmalar faoliyatini yanada takomillashtirish, hisobotlarni yuritish sifatini oshirish hamda elektron hisobot tizimidan samarali foydalanishga qaratilgan amaliy-uslubiy seminar o‘tkazildi.
Seminarning asosiy mavzusi —bo‘linmalar tomonidan har chorak yakuni bo‘yicha hisobotlarni tayyorlash, uzkoj.uz elektron hisobot platformasi orqali belgilangan muddatlarda taqdim etish va hisobotlar bilan ishlash tartibini amaliy jihatdan o‘zlashtirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga yangilangan uzkoj.uz platformasi, shaxsiy kabinetlardan foydalanish, hisobot davrini tanlash, tegishli ma’lumotlarni kiritish, ularni tekshirish, saqlash va elektron tarzda taqdim etish tartibi bosqichma-bosqich tushuntirildi.
Platformada xatolik aniqlangan taqdirda hisobotni tuzatish, qayta tekshirish va qayta taqdim etish bo‘yicha ham amaliy ko‘rsatmalar berildi.
Seminarning muhim jihatlaridan biri — elektron hisobotning asosi birlamchi hujjatlar ekanligiga alohida e’tibor qaratilganidir.
Xususan, jamiyat a’zolari harakatini to‘g‘ri yuritish, a’zolikka qabul qilish va chiqish bilan bog‘liq hujjatlarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish, a’zolar ro‘yxatini muntazam yangilab borish hamda har bir a’zo bo‘yicha zarur hujjatlarni to‘liq shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, seminarda «birlamchi hujjat → a’zolar ro‘yxati → hisob-kitob → choraklik hisobot → elektron platforma» zanjirining uzviyligi ta’minlanishi lozimligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida axborot xavfsizligi masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, login va parollarni uchinchi shaxslarga bermaslik, umumiy Telegram guruhlarida tarqatmaslik, umumiy kompyuterlarda saqlab qolmaslik va ish yakunida shaxsiy kabinetdan chiqish kabi talablar tushuntirildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarning savollari tinglanib, amaliyotda uchrayotgan muammolar va ko‘p uchraydigan xatolar ham muhokama qilindi.
Sherbek Islomov, O‘zA