Tennischilarimizni jiddiy sinov kutmoqda
O‘zbekiston Devis kubogida Filippinga mag‘lub bo‘ldi, hal qiluvchi bahs Iordaniyaga qarshi
Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida tennis bo‘yicha davom etayotgan “Devis kubogi III guruh Osiyo/Okeaniya mintaqasi musobaqasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruh bosqichidagi ikkinchi uchrashuvini Filippinga qarshi o‘tkazib, 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Yakkalik bahslarida jamoamiz vakili Sergey Fomin Alberto Limni 6:4, 6:2 hisobida mag‘lub etib, O‘zbekiston hisobiga dastlabki ochkoni keltirdi. Shu bilan birga, Amir Milushev Erik Junior Olivaresga qarshi kechgan uchrashuvda 3:6, 2:6 hisobida imkoniyatni boy berdi va umumiy hisob tenglashdi.
G‘olib nomi juftlik bahsida aniqlandi. Damir Abdusamadov va Abdulaziz Usmonjonovdan iborat O‘zbekiston juftligi Frensis Keysi Alkantara hamda Ruben Gonsalesga qarshi kurash olib bordi. Qiziqarli va murosasiz kechgan bahsning birinchi seti tay-breykka qadar yetib bordi. Yakunda raqiblar 7:6 (7:2), 6:4 hisobida ustun kelib, Filippinga g‘alabani taqdim etdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi turni mag‘lubiyat bilan yakunladi. Endi guruh bosqichidagi hal qiluvchi uchrashuvda vakillarimiz Iordaniya terma jamoasiga qarshi kortga chiqadi. Ushbu bahs jamoamizning musobaqadagi keyingi taqdirini belgilab beradi.
Eslatib o‘tamiz, tennischilarimiz bundan avval Singapur termasini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA