Tashqi diplomatiya
O‘zA “Tashqi diplomatiya” rukni orqali davlatimizning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, elchilarimiz tomonidan iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.
Polsha: O‘zbekiston Respublikasining Varshavadagi Favqulodda va muxtor elchisi Amirsaid A’zamxo‘jayev ushbu davlat Taraqqiyot va texnologiyalar vazirligi davlat kotibi, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Polsha – O‘zbekiston hukumatlararo komissiyasi hamraisi Mixal Yaros bilan samarali uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalasi muhokama qilindi. Tomonlar yuqori darajadagi tashriflarga tayyorgarlik ko‘rish va aniq eksport hamda sarmoyaviy kelishuvlar orqali o‘zaro savdoni chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladilar.
O‘mon: O‘zbekistonning O‘mondagi elchisi Abdusalom Hotamov Sultonlik meros va turizm vaziri Sayyid Ibrohim bin Said Al Busaidiy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat jarayonida tomonlar ikki davlat turizm sohasidagi hamkorligi ko‘lamini yangi bosqichga olib chiqish masalasini atroflicha muhokama qildilar.
Yaponiya: O‘zbekistonning kun chiqar yurtdagi elchixonasida Saytama prefekturasi bilan birga “Koshigaya Kita High School” tarbiyalanuvchilari uchun tanishuv tashrifi o‘tkazildi. Uchrashuvda 30 nafar o‘quvchi va o‘qituvchi ishtirok etdi. Yoshlar diyorimizning boy madaniy merosi bilan tanishib, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi tarixiy shaharlar, milliy an’analar va taomlarimiz haqida batafsil ma’lumot oldilar. Tomonlar kelgusida maktab sayohatlarini tashkil etish, ta’lim hamda madaniy aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Malayziya: O‘zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchisi doktor Karomiddin Gadoyev “Petronas” korporatsiyasi katta vitse-prezidenti, “Petronas Chemical Group Berhad” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Mazuin Ismoil bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar respublikamizda kimyo va neft-kimyo sohalarida yangi istiqbolli qayta ishlash loyihalarini birga amalga oshirish imkoniyati muhokama qilindi.
Germaniya: O‘zbekiston elchisi Dilshod Ahatov Shlezvig-Xolshteyn federal o‘lkasi bosh vaziri Daniel Gyunter, iqtisodiyot, transport, bandlik, texnologiya va turizm vaziri Klaus Ruye Madsen, shuningdek Savdo-sanoat palatalari hamda Lyubek universiteti rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar chog‘ida iqtisodiyot, hududlar, turizm, kasbiy ta’lim va tibbiyot sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Buyuk Britaniya: O‘zbekiston Respublikasi Kasbiy ta’lim agentligi hamda Qirollikning “Efekta” kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida ingliz tilini o‘qitishga mo‘ljallangan zamonaviy onlayn platforma joriy etish masalasi ko‘tarildi. Tomonlar ushbu loyiha orqali ta’lim sifatini oshirish va raqamli o‘qitish imkoniyatini kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.
Fransiya: O‘zbekistonlik tadqiqotchilar Fransiyadagi “Cirad” ilmiy-tadqiqot markazida malaka oshirish imkoniga ega bo‘ldi. Ushbu dastur doirasida vakillarimiz zamonaviy ilmiy yondashuv, innovatsion texnologiya kabi muhim yo‘nalishlarda mezbonlar bilan ilg‘or tajriba almashadilar. Bunday sheriklik ilmiy salohiyatni oshirish, qo‘shma tadqiqot loyihalarini ilgari surishga ko‘maklashadi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA