Tashabbus: “Bobur avlodlari ligasi” musobaqalariga start berildi
Andijon shahridagi “Xalqlar do‘stligi” stadionida Andijon viloyatidagi oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida “Bobur avlodlari ligasi” sport musobaqalarining ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Oliy o‘quv yurtlari rahbarlari, talabalar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish hamda sportning ommaviyligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.


Prezidentimiz raisligida joriy yil 7-aprel kuni jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng targ‘ib etish, yurtdoshlarimizni ommaviy sport turlariga jalb etish, muntazam sport bilan shug‘ullanishlarini yo‘lga qo‘yish, shu orqali xalqimiz salomatligini yaxshilash bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari tashabbusi bilan talabalar o‘rtasida “Bir maydon, bir maqsad — do‘stlik va sog‘lik” shiori ostida ilk bor o‘tkazilayotgan “Bobur avlodlari ligasi” sport musobaqalari ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan.


Dastlab stadionda O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Shunday so‘ng so‘z olgan Andijon davlat universiteti rektori professor, Baxtiyorjon Akbaraliyev va boshqa oliy ta’lim muassasalari rektorlari musobaqaning maqsadi, uning yoshlar hayotidagi o‘rni va roli, undan kutilayotgan natijalar haqida gapirdi, ishtirokchilarga omadlar tiladi.

Taniqli qo‘shiqchilar ishtirokidagi badiiy dastur tadbirga yanada yuqori ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Umumiy sovrin jamg‘armasi 100 million so‘m bo‘lgan “Bobur avlodlari ligasi” sport musobaqalarida oliygoh talabalar jamoalari sportning mini futbol, voleybol va basketbol turlari bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazib, g‘oliblik uchun kurash olib boradi.


“Bobur avlodlari ligasi” sport musobaqalari haftaning har chorshanba kuni oliygohlarning belgilangan sport inshootlarida o‘tkaziladi. Ushbu musobaqalar yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirishga, jismoniy faollik va sportni rivojlantirishga, sog‘lom turmush tamoyillarini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.