Tarixiy meros va ma’naviy qadriyatlar sari sayohat
FOTOREPORTAJ
Namangan davlat texnika universiteti Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan professor-o‘qituvchilar, xodimlar va faol yoshlardan iborat delegatsiya uchun Toshkent va Samarqand shaharlariga ma’naviy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi.
Sayohatdan ko‘zlangan asosiy maqsad ishtirokchilarni mamlakatimiz tarixi, boy ma’naviy-ma’rifiy merosi, muqaddas qadamjolari va zamonaviy bunyodkorlik namunalari bilan yaqindan tanishtirish, ularda milliy qadriyatlarga hurmat va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Dastlab delegatsiya Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib, yurtimiz hududida shakllangan sivilizatsiya, ajdodlarimizning ilm-fan va ma’rifat rivojiga qo‘shgan hissasi hamda xalqimizning boy tarixiy-madaniy merosini aks ettiruvchi ekspozitsiyalar bilan tanishdi. Multimedia texnologiyalari asosida tashkil etilgan ko‘rgazmalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ekskursiya davomida Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlarda buyuk allomalarning ilmiy merosi, Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va me’morchilik taraqqiyoti haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va Uchinchi Renessans g‘oyalariga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar ham ko‘zdan kechirildi. Delegatsiya Muqaddas Qur’oni karim zalidagi noyob qo‘lyozmalar bilan ham tanishdi.
[gallery-30609]
Ma’naviy-ma’rifiy sayohat Samarqand shahrida davom etdi. Delegatsiya “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasi, Go‘ri Amir maqbarasi, Registon maydoni, Shohi Zinda tarixiy-me’moriy majmuasi hamda Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qildi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Samarqand shahridagi uy-muzeyi va maqbarasida bo‘lib, uning mamlakatimiz mustaqilligi va taraqqiyoti yo‘lidagi xizmatlari haqida ma’lumot oldi.
Sayohat ishtirokchilari tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar va madaniy meros ob’ektlari bilan yaqindan tanishib, yurtimizning boy tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosi haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA