Tanzila Norboyeva: Prezidentimiz belgilagan strategik maqsadlar va xalqimiz manfaatlarini ta’minlash davom ettiriladi
Mamlakatimizda iqtisodiy taraqqiyot bilan bir qatorda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi.
Senat yalpi majlisida shu masalaga e’tibor qaratilib, yaqinda Qurbon hayiti munosabati bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan hamda turli xastaliklarga chalingan minglab yurtdoshlarimizga keng ko‘lamli xayriya va saxovat tadbirlari orqali amaliy yordam ko‘rsatilgani ta’kidlandi.

– Ayniqsa, bemor bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan farzandlarimizga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va insonparvarlik fazilatlarining yana bir yorqin ifodasi, - dedi Senat Raisi Tanzila Norboyeva. – Bu esa mamlakatimizda ijtimoiy davlat tamoyili amalda izchil qaror topib borayotganining muhim tasdig‘idir. Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar, balki ilm-fan, ta’lim, madaniyat, adabiyot va ma’naviyat sohalaridagi yuksalishlar bilan ham belgilanadi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan kitobxonlik tanlovlari bugungi kunda tom ma’nodagi umummilliy ma’rifiy harakatga aylandi. Ilmiy kadrlar tayyorlash va ilm-fan sohasini rivojlantirish borasida ham mutlaqo yangi yondashuvlar hayotga tatbiq etilmoqda.

Sohani raqamlashtirish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish, akademik halollik tamoyillarini mustahkamlash va ilm-fan natijalarini amaliyot bilan uzviy bog‘lashga qaratilgan muhim chora-tadbirlar ham belgilandi.
Davlatimiz rahbarining madaniyat, san’at va adabiyot namoyandalari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida mamlakat qudrati nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar, balki uning ma’naviy salohiyati, madaniyati, adabiyoti va san’ati bilan ham belgilanishi haqidagi hayotiy haqiqat yana bir bor e’tirof etildi. Ayniqsa, ziyolilar, ijod ahli, madaniyat va san’at namoyandalari hamda kreativ industriya vakillarining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va mas’uliyatiga yuksak baho berildi.
Yalpi majlisda millat ma’naviyati va madaniyati haqida so‘z ketar ekan, ushbu vazifalar ijrosida xalq vakillari ham faol ishtirok etishi, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shish va amaliy ko‘mak ko‘rsatib borish zarurligiga urg‘u berildi.
Qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati hamda hududlarni kompleks rivojlantirish bilan bog‘liq yo‘nalishlardagi ishlar izchil davom ettiriladi.
Muhim qonunchilik tashabbuslari ishlab chiqilib, hudud va tarmoqlardagi dolzarb muammolar chuqur o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi.
“Eng muhimi, barcha sa’y-harakatlarimiz Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan strategik maqsadlar va xalqimiz manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, bu yo‘lda har bir senatordan yuksak mas’uliyat, tashabbuskorlik va faollik talab etiladi”, dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA