Yoshlar takliflari tinglandi
Poytaxtimizda Toshkent shahar hokimligi tomonidan Rahbar va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Shahnoza Sultonova, Yunusobod tumani hokimi o‘rinbosari Nasiba Dushanova tumandagi yoshlar bilan muloqot qildi.

Samimiy tarzda o‘tgan suhbat davomida yoshlarni qiynayotgan masalalar, ularning ta’lim olish, kasb-hunar egallash, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bilan bog‘liq taklif va murojaatlari tinglandi.
Yoshlar tomonidan bildirilgan har bir masala yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Uchrashuv yakunida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, bunday ochiq muloqotlar ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA