Ekologiya sohasidagi murojaatlarning katta qismi maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish masalasi bilan bog‘liq
2026-yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, uning hududiy bo‘linmalari va tizim tashkilotlariga jismoniy hamda yuridik shaxslardan 28 ming 168 ta murojaat kelib tushdi.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davridagi 18 ming 558 ta murojaatga nisbatan 9 ming 610 taga yoki 51 foizga ko‘pdir.
Qayd etilishicha, murojaatlarning eng katta qismi maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish masalalariga to‘g‘ri keladi. Hisobot davrida ushbu mavzu bo‘yicha 13 ming 640 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu jami murojaatlarning 48,4 foizini tashkil etadi. Yana 5 ming 201 ta murojaat (18,4 foiz) maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmatlari bo‘yicha qarzdorlik masalalariga oid bo‘lgan. Shuningdek, atmosfera havosining ifloslanishi (2 077 ta murojaat) hamda o‘simlik dunyosiga zarar yetkazish, jumladan daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq masalalar (1 856 ta murojaat) ham dolzarb mavzular qatoridan joy oldi.
Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq murojaatlar sonining ortishi aholining xizmatlar bilan qamrovini kengaytirish, yangi hududlarni tizimga ulash, “Toza makon” billing tizimi orqali hisob-kitoblarni raqamlashtirish, shuningdek, chiqindilarni olib chiqish xizmatlari uchun qarzdor bo‘lgan iste’molchilarga elektr energiyasi ta’minotini cheklash mexanizmining joriy etilishi bilan ham bog‘liq. Bundan tashqari, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan 1205 qisqa raqami orqali tunu kun ishlovchi Call-markaz ishga tushirilgani murojaatlar yo‘llash imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
Murojaatlar bilan ishlashda faqat ularni ro‘yxatga olish bilan cheklanmay, muammolarni amaliy hal etishga ham qaratilgan. Zarurat tug‘ilganda murojaatlar joyiga chiqib, aholi ishtirokida o‘rganiladi. Takroriy va jamoaviy murojaatlar esa mahalla raislari hamda “mahalla yettiligi” a’zolari ishtirokida ko‘rib chiqiladi va natijalariga ko‘ra tegishli qarorlar qabul qilinadi.
Hisobot davrida 25 ming 994 ta murojaat yoki 92,2 foizi qanoatlantirilgan. 417 ta murojaat bo‘yicha fuqarolarga tushuntirishlar berilgan, 44 ta murojaat rad etilgan, 13 tasi boshqa tashkilotlarga yuborilgan, 293 tasi qonunchilikka muvofiq ko‘rib chiqilmagan, yana 1 407 tasi o‘rganish jarayonida qolmoqda.
Murojaatlarning salmoqli qismi Prezidentning Xalq qabulxonalari orqali kelib tushmoqda. 2026-yilning birinchi yarim yilligida ushbu kanal orqali qo‘mitaga 8 166 ta murojaat yuborilgan bo‘lib, bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 1 008 taga yoki 12 foizga ko‘pdir. Ularning 7 468 tasi yoki 91,5 foizi qanoatlantirilgan.
Murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida qo‘mitada 1157 raqami orqali tunu kun ishlovchi “Ishonch telefoni” Call-markazi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, murojaatlar "@ecogovuz_bot", "@econazorat_bot" Telegram-botlari va Facebookdagi “Xalq nazorati” guruhi orqali ham qabul qilinadi. Turli elektron platformalar orqali kelib tushgan murojaatlarning ijrosi doimiy monitoring ostida saqlanadi.
Murojaatlar bilan ishlash kengroq ekologik muammolarni hal etish bilan ham chambarchas bog‘liq. Xususan, Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni yaxshilash chora-tadbirlari doirasida atrof-muhitga yuqori va o‘rta darajada ta’sir ko‘rsatuvchi 554 ta sanoat korxonasi o‘rganildi. Natijada 58 ta korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, 9 ta korxona boshqa hududlarga ko‘chirildi, bu esa atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar hajmini 163,5 tonnaga kamaytirishga imkon berdi. “Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida 8 ta korxonada 17 ta chang-gaz tozalash qurilmasi modernizatsiya qilinib, 2 444 ta filtr almashtirildi. Yana 13 ta korxonada "eko-nazorat.uz" platformasiga integratsiya qilingan avtomatik namuna olish tizimlari o‘rnatildi.
Kelgusida qo‘mita hududlarda profilaktik o‘rganishlarni kengaytirish, aholining ekologik-huquqiy madaniyatini oshirish, ekologik nazorat samaradorligini kuchaytirish va murojaatlarda ko‘tarilayotgan tizimli masalalarni hal etishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA