Ta’lim sohasida Estoniya tajribasi o‘rganildi
Estoniyaning Tallinn shahrida Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan delegatsiya a’zolarining Tallinn shahri meri o‘rinbosari, ta’lim departamenti rahbariyati, strategik rivojlanish bo‘limi rahbari hamda boshqa mas’ul vakillar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, xususan, ta’lim sohasi va undagi raqamli boshqaruv yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida delegatsiya a’zolari “e-Estonia Briefing Centre" markazida bo‘lib, davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali ijtimoiy sohalarni rivojlantirish loyihalari taqdimotida ishtirok etdi. Unda Tallinn shahri Axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar assotsiatsiyasi rahbari ishtirokida innovatsion jarayonlarni tashkil etish va ushbu jarayonlarda ta’limning o‘rni va yoshlarning ishtiroki bo‘yicha muhokamalar olib borildi va kelgusidagi mamlakatimiz bilan hamkorlik rejalari belgilandi.
Tallinn University of Technology (TalTech)ga tashrifda Sun’iy intellekt bo‘yicha kompetensiya markazi yutuqlari va qiyinchiliklari, raqamli boshqaruv texnologiyalari va xizmatlari o‘quv dasturi hamda keyingi avlod raqamli davlat tadqiqot guruhining asosiy faoliyati bilan tanishildi.

Ta’lim boshqarmalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, o‘qituvchilar almashinuvi hamda ilmiy-tadqiqot ishlari, laboratoriyalar bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, kelajakda hamkorlikni rasmiylashtirish va memorandum imzolash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Safar yakunida delegatsiya "EdTech Testbeds:" Xalqaro tajribalarni almashish va chegaralararo hamkorlikni muhokama qilish" mavzusidagi xalqaro anjumanda ishtirok etdi. Anjumanda ko‘plab davlatlardan kelgan mutaxassislar qatnashdi. Finlandiya, Germaniya, Estoniya va boshqa mamlakatlar ta’lim sohasi ekspertlari o‘zlarining qimmatli tajribalari va yutuqlari bilan o‘rtoqlashdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA