Xitoy–O‘zbekiston: Toshkent infratuzilmasini modernizatsiyalash muhokama markazida
Ayni kunlarda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiligidagi delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Tyanszin shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida Tyanszin shahri vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Unda tomonlar shahar xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, xususan, drenaj tizimlarini rivojlantirish, tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish, suvni yo‘naltirish, tozalash va qayta ishlatish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qildi.

Ikki shahar o‘rtasida amaliy tajriba almashish, samarali muhandislik yechimlarini o‘rganish va ularni Toshkentning jadal rivojlanayotgan shahar infratuzilmasi sharoitida qo‘llash imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish, shahar infratuzilmasi barqarorligini oshirish, drenaj tizimlari va tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish, suvni yo‘naltirish, tozalash va qayta ishlatish sohasida zamonaviy yechimlarni joriy etishga qaratilgan loyihalarni birgalikda ishlab chiqishni nazarda tutuvchi hamkorlik hujjatlari imzolandi.

Shu bilan birga, rasmiy tashrif doirasida Tyanszin shahri meri Chjan Gun bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, Toshkent shahrida qulay ishbilarmonlik muhiti va sarmoyaviy iqlimni yaratish masalalarini muhokama qildi.

So‘nggi yillar yakunlariga ko‘ra, ikki shahar o‘rtasidagi savdo munosabatlari hajmi 58 foizga o‘sib, barqaror o‘sishni namoyon etayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda xitoylik sarmoyadorlarni qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tyanszin shahri rahbariyati Xitoy Xalq Respublikasidan bo‘lgan sarmoyadorlar bilan tezkor hamkorlik qilish hamda ularga loyihalarni amalga oshirishda har tomonlama yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent shahrida hokimlikning doimiy shtabini (vakolatxonasini) tashkil etish bo‘yicha Toshkent shahar hokimligining tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Shuningdek, muzokaralar doirasida Toshkent shahrida drenaj tizimi, tozalash inshootlari va irrigatsiya infratuzilmasini qurish loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirgan “Tianjin Urban Construction” kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Kompaniya shahar muhandislik infratuzilmasi sohasida xalqaro tajribaga ega ekani hamda Tyanszin shahri meriyasi ushbu loyihalarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, XXRga rasmiy tashrif doirasida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiligidagi shahar hokimligi delegatsiyasi “China Railway Construction Corporation” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida tomonlar Toshkent shahrini kompleks renovatsiya qilish, shahar infratuzilmasini modernizatsiyalash hamda shaharsozlik va ekologiya sohalariga zamonaviy yechimlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Toshkent shahar hokimi kompaniyaga renovatsiya hududlaridagi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, zamonaviy ekologik standartlar va texnologiyalarni qo‘llagan holda qurilish va maishiy chiqindilarni qayta ishlaydigan ixtisoslashtirilgan poligon qurishda ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etdi.
Bundan tashqari, uchrashuvda poytaxt transport infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar Toshkent shahrida qo‘shimcha pulli avtomobil yo‘llarini qurish loyihalarini, jumladan, uzunligi qariyb 100 kilometr bo‘lgan halqa pulli yo‘lini hamda kelgusi yillarda qurilishi rejalashtirilayotgan yangi xalqaro aeroport yo‘nalishida shaharning markaziy qismidan o‘tuvchi yangi pulli magistral qurilishini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.
Компания vakillari taqdim etilgan tashabbuslarni o‘rganishdan манфаатдор эканликlarини bildirib, Toshkent shahar hokimligi bilan amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini qayd etdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA