Ta’lim muassasalarida “Mustaqillik soatlari” tashkil etiladi
Mustaqillik — millatning erkin va ozod hayot kechirish huquqini belgilaydigan ulug‘ ne’mat. Tinchlik esa inson hayoti, xalq farovonligi va taraqqiyotning eng mustahkam poydevori hisoblanadi. Bugungi murakkab va tahlikali dunyo sharoitida ushbu buyuk ne’matlarning qadrini anglash, ularni asrab-avaylash hamda kelajak avlodga bezavol yetkazish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Milliy mustaqilligimiz — mard va matonatli xalqimizning qat’iy irodasi, istiqlol yo‘lida kurashgan fidoyi ajdodlarimizning asriy orzu-intilishlari ro‘yobi, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlarimizning mustahkam asosidir. Bu muqaddas qadriyatning mohiyatini teran anglagan, inson qadrini ulug‘laydigan har bir tashabbus va islohot zamirida katta fidoyilik, jasorat va vatanparvarlik mujassam ekanini his etgan avlodgina mustaqillik va tinchlikning haqiqiy qadriga yeta oladi.

Davlatimiz rahbarining 2026-yil 2-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosidan kelib chiqqan holda ta’lim muassasalarida tashkil qilinuvchi “Mustaqillik soatlari” ayni maqsadga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Mustaqillik soatlari”ni yuqori saviyada tashkil etishga bag‘ishlangan Respublika o‘quv-seminari tashkil etildi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hamkorligida tashkil qilingan mazkur tadbirda ta’kidlanganidek, “Mustaqillik soatlari”ni mazmunan boy, ta’sirchan va hayotiy ruhda tashkil etish, ularda sodda va samarali usullardan foydalanish muhim.

Bunda zamonaviy pedagogik yondashuvlar hamda innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish bugungi kunning asosiy talabi. Qayd etilganidek, “Mustaqillik soati” shunchaki an’anaviy mashg‘ulot emas, balki o‘quvchilarni o‘ylashga, Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashashga undaydigan jonli ma’naviy-ma’rifiy muloqot maydoniga aylanishi lozim.
Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, mamlakatimiz viloyatlari hamda Toshkent shahridan maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari, maktablarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari Zoom platformasi orqali ishtirok etdi.
Tadbir davomida “Mustaqillik soati”ning mazmun-mohiyatini yanada boyitish, ta’lim jarayoniga kreativ yondashuvlarni joriy etish, multimedia vositalari va zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni yoshlar qalbiga chuqur ta’sir qiladigan shakllarda tashkil etish yuzasidan fikr va tajribalar almashildi.
Shuningdek, soha ekspertlari tomonidan maktabgacha va maktab ta’limi tizimida mashg‘ulotlarni tashkil etishning zamonaviy metodikalari, targ‘ibot texnologiyalari va innovatsion usullari muhokama qilinib, ishtirokchilarga amaliy tavsiyalar berildi.
N.Usmonova, O‘zA