Farg‘onada iqtidorli yoshlar bellashdi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tashkil etilgan “Yoshlar ovozi” tanlovining viloyat bosqichi ko‘tarinki ruh va yuqori saviyada o‘tkazildi.
Mazkur tanlov yoshlarning san’at va ijodga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish hamda yangi iste’dod sohiblarini kashf etishga xizmat qilmoqda.
Qayd etilganidek, tanlovning mahalla bosqichlarida viloyat bo‘ylab 40 ming nafardan ortiq o‘g‘il-qiz faol ishtirok etdi. Saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 200 nafardan ziyod iqtidorli ishtirokchi esa viloyat bosqichida o‘zaro bellashib, o‘z mahoratini namoyon qildi.
[gallery-29445]
Ishtirokchilar an’anaviy ijro, baxshichilik, estrada va opera yo‘nalishlarida chiqish qilib, kuchli ovoz, sahna madaniyati va ijodiy salohiyati bilan hakamlar hay’ati hamda tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Tanlov jarayonida milliy san’atimizning noyob namunalari, yoshlarning zamonaviy ijodga yangicha yondashuvi va yuksak iste’dodi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Yakunda hakamlar hay’ati tomonidan eng munosib ishtirokchilar g‘olib deb topildi. Ular “Yoshlar ovozi” tanlovining respublika bosqichida Farg‘ona viloyati sharafini himoya qiladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA