Talabalik – katta yo‘lning boshlanishi
Yangi o‘quv yilida Jizzax davlat pedagogika universitetida 3360 nafar yosh talabalar safiga qo‘shildi. “Talabalikka bag‘ishlov”, “Mustaqillik darsi”, universitetdagi ta’lim, ilm-fan, sport va madaniyat uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishuv tadbirlarini o‘tkazishdan maqsad bitta – bilimli, mustaqil fikrlaydigan va Vatanga daxldorlik hissi bilan yashaydigan avlodni tarbiyalash.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyevning talaba-yoshlarga yo‘llagan tabrigini viloyat hokimi o‘rinbosari Dilmurod Xudoyshukurov o‘qib eshittirdi. Ilm-fan va sportda yuqori natijalarga erishgan talabalarning taqdirlangani esa yangi avlodga berilgan e’tiborning yana bir ifodasi bo‘ldi. Ular orasida 189 ball bilan davlat granti asosida ingliz tili yo‘nalishiga qabul qilingan birinchi bosqich talabasi Yulduz Mamirovaning natijasi alohida e’tirof etildi.
Mehmonlar universitetdagi ta’mirlangan o‘quv binolari, zamonaviy xonalar, Aniq fanlar va pedagogika oliy maktabi, in-vitro laboratoriyalari, sport majmualari, kutubxona, suzish havzasi bilan tanishdi. Madaniyat saroyida orkestr va maqom jamoalarining faoliyati namoyish etildi.
[gallery-31302]
Talabaning ta’lim va tarbiyasi uyg‘un olib borilishi kerak. Kitob uning tafakkurini, sport irodasini, san’at esa qalbini boyitadi. Bular birlashgandagina komil shaxs tarbiyasi haqida so‘z yuritish mumkin.
Shuning uchun birinchi bosqich talabalari uchun o‘tkazilgan “Mustaqillik darsi”ning mazmuni ham muhim. Darsda mamlakat taraqqiyoti, mustaqillikning ahamiyati, ta’lim sohasidagi islohotlar va yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida fikr almashildi. Professor-o‘qituvchilar va universitet faxriylari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Talabalar ham savol berdi. Chunki yoshlarga tayyor xulosani yetkazish oson, ularni mustaqil fikrlashga o‘rgatish esa ancha murakkab. Aslida, oliy ta’limning eng katta vazifalaridan biri ham shu.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari