Tibbiyot taraqqiyoti va innovatsion yondashuvlar
Toshkent davlat tibbiyot universitetida ortopedik stomatologiya va ortodontiyaning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda tibbiyotning barcha yo‘nalishlari qatorida stomatologiya sohasi ham jadal raqamlashuv, yuqori texnologiyalar va ilg‘or ilmiy yondashuvlar davrini boshdan kechirmoqda.
Toshkent davlat tibbiyot universitetida o‘tkazilgan «Ortopedik stomatologiya va ortodontiyaning dolzarb muammolari» mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman aynan shu global chaqiriqlar va mamlakatimizda tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Mazkur nufuzli tadbir soha mutaxassislari, yetakchi olimlar, professor-o‘qituvchilar hamda yosh tadqiqotchilarni bir maydonda jamlab, ortopedik stomatologiya va ortodontiya sohalarini rivojlantirishning eng muhim strategik va amaliy masalalarini chuqur muhokama qilishga xizmat qildi.
Ma’lumki, jahon tibbiyot amaliyotida bugungi kunda ortopedik stomatologiya va ortodontiya sohasi sun’iy intellekt, raqamli skanerlash tizimlari, 3D modellashtirish va innovatsion biomoslashuvchan materiallardan foydalanish orqali tubdan yangilanmoqda.
Shu bois, rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasi bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishda raqamli texnologiyalarni joriy etish muolaja vaqtini keskin qisqartirib, diagnostika aniqligini oshirishi hamda klinik natijalarning barqarorligini ta’minlashini yaqqol ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda tibbiyot tarmoqlarini xalqaro standartlarga yetkazish, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani bejiz emas.

Tadbir davomida erishilayotgan yutuqlar va kelajakdagi strategik vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, anjumanda ishtirok etgan Toshkent davlat tibbiyot universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Feruza Azizova ilmiy izlanishlarni bevosita klinik amaliyot ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, oliy ta’lim va amaliy tibbiyot integratsiyasini yanada kuchaytirish bugungi kunning eng asosiy talabi ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, u zamonaviy yuqori texnologik uskunalar va raqamli platformalardan foydalanish orqali yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish sohamiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishini qayd etdi.
Biroq, erishilgan yutuqlar bilan birga, sohada o‘z yechimini kutayotgan ayrim tizimli muammolar ham mavjud bo‘lib, ular anjuman qatnashchilari tomonidan atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, ayrim hududiy tibbiyot muassasalarida raqamli stomatologik uskunalar va zamonaviy ortodontik materiallar bilan ta’minlanish darajasini yanada oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tish-jag‘ anomaliyalarining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot va erta tashxis qo‘yish tizimini kuchaytirish hamda mutaxassislarning malakasini uzluksiz oshirib borish masalalari dolzarb vazifalardan ekani e’tirof etildi. Shu ma’noda, ilg‘or xorijiy markazlar bilan ilmiy hamkorlik va akademik almashinuvlarni kengaytirish ushbu muammolarni bartaraf etishning asosiy yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Anjuman doirasida qabul qilinadigan amaliy tavsiyalar va ilmiy xulosalar kelajakda bemorlarga ko‘rsatilayotgan ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
M.Qosimova, O‘zA