Talabalar ijarasi uchun belgilangan summa qancha bo‘lishi kerak?
Hech kimga sir emas, yangi o‘quv yili yaqinlashishi bilan talabalar uchun boshpanasazlik muammosi kun tartibiga chiqib, oliy ta’lim muassasalarining atrofi yuklarini ko‘targan talabalaru, farzandining tashvishida yurgan ota-onalarga to‘lib toshadi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 - 2026 yillar oralig‘ida alohida dastur qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra 100 ming o‘rinli turar-joy qurish rejalashtirilgan. Bu turar-joyga ehtiyojning 60 foizini qoplaydi. Joriy yilning o‘zida respublika bo‘yicha jami 10 ming 209 o‘rinli 23 ta talabalar turar joylari foydalanishga topshirildi. Yil yakuniga qadar Davlat dasturida belgilangan 18 ming o‘rinli talabalar turar joylari qurib foydalanishga topshiriladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, yotoqxona bilan qamrab olinmagan va ijarada yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga oylik ijara to‘lovining 50 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.

Xo‘sh, talabalar ijarasi uchun belgilangan summa qancha bo‘lishi kerak? Mazkur savol yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshqarma boshlig‘i Nodir Qosimov quyidagilarni ma’lum qildi:
– Mamlakatni rivojlangan davlatlar safiga olib chiqadigan yagona kuch kadrlardir! Shundan ekan, ularga yaratilayotgan har bir imkoniyat ertangi kun rivojiga xizmat qiladi. Toshkent shahrida talabalarning 30 foizida turar joyga ehtiyoj mavjudligi aniqlangan. Ular ijara shartlari asosida xususiy xonadonlarda yashashiga to‘g‘ri keladi.
Joriy yilda ijara xonadonlariga joylashishga muhtoj bo‘lgan talabalar 30 ming 707 nafarni tashkil etgan. Tahlillardan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasalarida barcha tyutorlarni to‘liq jalb qilgan holda mahalla raislari bilan hamkorlikda bo‘sh turgan ijara xonadonlarini topish ishlari amalga oshirildi.
Ijara summasi miqdori Toshkent shahrida BHMning 1 baravari 330 ming so‘m hamda qolgan hududlarda BHMning yarim baravari 165 ming so‘m miqdorida belgilangan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, 2024-2025-o‘quv yilidan boshlab barcha kurs talabalari uchun davlat OTMning talabalar turar joyiga joylashish faqat davlat xizmati markazlari yoki my.gov.uz orqali elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Shuningdek, Soliq qo‘mitasi tomonidan ma’lum qilinishicha, ko‘chmas mulk egalari va talabalar o‘rtasida tuziladigan ijara shartnomalarini 2 xil usulda hisobga qo‘yish mumkin.
Birinchisi, ijara.soliq.uz sayti orqali. Bunda ijaraga beruvchi saytdan “Talabalar ijarasi” bo‘limini tanlab, “Ijaraga oluvchi talaba to‘g‘risida ma’lumot” oynasiga ijaraga oluvchi talabaning JSHSHIRni kiritganda uning ma’lumotlari (F.I.O, ta’lim olayotgan o‘quv yurti, fakulteti, ta’lim shakli va bosqichi, shuningdek doimiy ro‘yxatga olingan manzili) avtomatik shakllantiriladi. Keyingi jarayonda “Qo‘shish” tugmasi orqali talaba bilan birga turgan boshqa talabalar dasturga kiritiladi.
So‘ngra “Telefon raqami” qatoriga ijaraga oluvchi talabaning telefon raqami kiritilib, “Tasdiqlash kodini yuborish” tugmasi bosiladi. Talabaning telefoniga SMS orqali kelgan 5 xonali raqam “Tasdiqlash kodi” qatoriga yozilib, “Tasdiqlash” tugmasi bosiladi. Ilovaning “Ijaraga berish”, undan so‘ng “Talabalar uchun ijara shartnoma” bo‘limi orqali talabalar bilan tuzilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomalari hisobga qo‘yiladi. Ilovaga ijaraga beruvchi jismoniy shaxs tomonidan talabaning shaxsiy identifikatsiya raqami kiritilganda uning ma’lumotlari avtomatik shakllanadi. Talabalar Face ID yoki telefon raqamiga SMS orqali keladigan 5 xonali raqamni kiritish orqali ijara shartnomasini tasdiqlashi mumkin. Talabalar bilan tuzilgan ijara shartnomasi hisobga qo‘yilganda ushbu ma’lumotlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bazasida shakllanadi. Bu esa oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berishda oliy o‘quv yurtlariga qulaylik yaratadi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, soliq to‘lovchining uy-joylarini talabalarga ijaraga berishdan olgan daromadlari soliqdan ozod etilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA