Sanoat korxonalari faoliyati o‘rganildi
Jizzaxda viloyat ishchi guruhi tomonidan vohadagi sanoat korxonalari faoliyatini o‘rganish, ishlab chiqarish jarayonlarini tahlil qilish hamda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy muloqotlar o‘tkazildi.
Xususan, Arnasoy tumanida xorijiy sarmoya asosida faoliyat yuritayotgan “Powder Coatings Jizzakh” faoliyati bilan tanishildi. Ishlab chiqarish jarayonlari ko‘zdan kechirilib, mas’ullar tomonidan mavjud muammolar va takliflar bildirildi. Jumladan, xomashyoni mahalliylashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda mahsulot tannarxini optimallashtirish masalalari muhokama qilindi.
[gallery-28688]
Shuningdek, korxona brendini shakllantirish va uni ichki hamda tashqi bozorda samarali ilgari surish bo‘yicha huquqiy va amaliy ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv yakunida Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Bobur Umrzoqov tomonidan mazkur yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ishchi guruh o‘rganishlari doirasida tumandagi qop ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Spark Brilliant Jizzakh” faoliyati ham tahlil qilindi. Korxonada ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot turlari va texnologik jarayonlar o‘rganilib, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Bunday amaliy o‘rganishlar sanoat salohiyatini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, bu kabi muloqotlar va o‘rganishlar kelgusida ham izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari