Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – taraqqiyotning muhim omili
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida yurtimiz tadbirkorlari bilan o‘tkazgan muloqotida ilgari surilgan yangi tashabbuslar mamlakatimizda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, biznes muhitini yaxshilash va tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida yangi bosqichni boshlab beradi.
Bugungi kunda kichik va o‘rta biznes mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tayanchiga aylanib bormoqda. Banklar kredit portfelida kichik biznes ulushining 45 foizdan 63 foizga oshgani, joriy yilning birinchi yarim yilligida kichik va o‘rta biznesga 76,5 trillion so‘m resurs ajratilgani tadbirkorlik sub’ektlariga yaratilayotgan imkoniyatlarning amaliy ifodasidir.
Ayniqsa, yaqinda ishga tushirilgan “Kredit xizmatlari yagona raqamli portali” tadbirkorlar uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanishni yanada qulaylashtirgani ahamiyatlidir. Endilikda tadbirkor bitta ariza orqali murojaat qilib, banklar o‘rtasidagi raqobat asosida o‘zi uchun maqbul imkoniyatdan foydalanishi mumkin. Biznesni endigina boshlayotganlar uchun 5 milliard so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirish imkoniyati ham yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun muhim omil bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan biznesning har bir bosqichiga mos yaxlit ekotizim yaratish tashabbusi esa tadbirkorlarni shunchaki moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanib qolmasdan, ularning faoliyatini boshlashidan tortib, yirik biznes darajasiga yetishigacha bo‘lgan jarayonni qamrab olishi bilan e’tiborga molik.
Xususan, “Biznes start”, “Biznes lift” va “Biznes yuksalish” dasturlarining joriy etilishi tadbirkorlarning o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholashi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi hamda yangi bozorlar sari dadil qadam tashlashiga xizmat qiladi.
“Biznes start” dasturi doirasida sun’iy intellekt yordamida loyiha ishlab chiqish, kredit hujjatlarini tayyorlash va hisobot yuritishni o‘rgatish zamonaviy tadbirkorlik madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyatga ega. Ushbu maqsadlar uchun 100 milliard so‘m ajratilishi, tayyor biznes-reja va 200 million so‘mgacha garovsiz kredit imkoniyatining yaratilishi, ayniqsa, o‘z biznesini boshlash istagidagi fuqarolar uchun katta rag‘batdir.
Men ushbu tashabbuslarni nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy va ma’naviy jihatdan ham muhim, deb hisoblayman. Chunki tadbirkor yangi ish o‘rni yaratuvchi, oilalar farovonligini ta’minlovchi, mahalla va hudud taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shuvchi faol insondir. Tadbirkorlik rivojlangan sari jamiyatda mehnatga, tashabbuskorlikka, izlanishga va o‘z kuchiga ishonchga asoslangan muhit yanada mustahkamlanadi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi jamoasi ham tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va fuqarolarimizda tashabbuskorlik, mehnatsevarlik, yangilikka intilish kabi fazilatlarni keng targ‘ib qilishni o‘zlarining eng muhim vazifalaridan biri, deb biladi.
Ishonamizki, yaratilayotgan bunday keng imkoniyatlar xalqimizning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqaradi. Bilim, mehnat, qat’iyat va zamonaviy yondashuv asosida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarimiz yangi ish o‘rinlari yaratib, mahallalarimiz obodligi, oilalarimiz farovonligi va yurtimiz iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadilar.
Nigora QASHQABOEVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Andijon viloyati bo‘limi rahbari.