O‘zganing mulkini o‘zlashtirish qimmatga tushdi
O‘zganing mulkiga qo‘l cho‘zish bir qarashda oson yo‘ldek ko‘rinishi mumkin. Ammo qonunbuzarlik ortidan keladigan jazo va moliyaviy majburiyatlar bu “oson yo‘l”ni juda qimmatga tushirishi mumkin. Sirdaryo viloyatidagi mazkur holatda ham bir fuqaroning qonunga xilof harakati unga 103,7 million so‘mlik jarima va qo‘shimcha ijro yig‘imiga sabab bo‘ldi.
Fuqaro S.A. o‘zganing mulkini o‘zlashtirish bilan bog‘liq jinoyatni sodir etgani uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Oqoltin tuman sudining 2025-yil 26-noyabrdagi hukmi bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan 103 million 700 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Mazkur sud hukmini ijro etish Majburiy ijro byurosining Sirdaryo tuman bo‘limi davlat ijrochilari zimmasiga yuklatildi.
Biroq qarzdor sud tomonidan tayinlangan jarimani belgilangan ixtiyoriy muddatda to‘lamadi. Shu munosabat bilan davlat ijrochilari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda majburiy ijro harakatlari olib borilib, qarzdorga tegishli mol-mulklar xatlandi va undiruvni ularga qaratish choralari ko‘rildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida S.A.dan sud hukmida belgilangan jarima so‘mmasi, shuningdek, sud hujjatini majburiy tartibda ijro etish munosabati bilan ijro yig‘imi ham undirildi.
Shu tariqa, jami 108 million 885 ming so‘m mablag‘ undirilib, sud hukmining ijrosi ta’minlandi.
— Mazkur holat sud hujjatlarini o‘z vaqtida va ixtiyoriy ravishda ijro etish muhimligini yana bir bor ko‘rsatadi. Sud tomonidan tayinlangan jazoni belgilangan muddatda ijro etmaslik qarzdor uchun qo‘shimcha majburiyatlarni keltirib chiqaradi. Xususan, asosiy jarimadan tashqari, qonunchilikda belgilangan tartibda ijro yig‘imi undirilishi, qarzdorning mol-mulki xatlanishi va boshqa majburiy ijro choralari qo‘llanilishi mumkin.
Eng muhimi, har qanday qonunbuzarlikning oqibati muqarrar jazo bilan yakunlanadi.. O‘zganing mulkiga tajovuz qilish nafaqat jinoiy javobgarlikka, balki jiddiy moliyaviy yo‘qotishlarga ham sabab bo‘ladi, — deydi Majburiy ijro byurosining Sirdaryo tuman bo‘limi boshlig‘i Umid Mamarasulov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri