Tadbirkor manfaati – iqtisodiy taraqqiyotning muhim omili
Navoiy shahrida Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Soliyev ishtirokida amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminar avvalida ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, xususiy sektor uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ishbilarmonlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Albatta, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish, hududlarning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda tadbirkorlik subyektlarining o‘rni beqiyosdir.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 27-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan muhim hujjatlardan biridir.

Seminar davomida tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini tizimli hal etish, biznes yuritish jarayonlarini yanada soddalashtirish, tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda mamlakatda qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar atroflicha tushuntirildi.
– Asosiy maqsadimiz – tadbirkorlik faoliyatidagi ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish, ishbilarmonlarning davlat idoralari bilan munosabatlarini yanada ochiq va shaffof tashkil etish, qonuniy faoliyat yuritayotgan tadbirkor uchun barqaror hamda ishonchli muhit yaratishdir, – deydi viloyat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Sobir Namozov. – Ayniqsa, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning mavjud muammolarini o‘rganib, tegishli tartibda hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani muhim ahamiyatga ega. Chunki tadbirkorlik muhiti qanchalik barqaror bo‘lsa, yangi loyihalarga sarmoya kiritish, ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatlari ham shunchalik ortadi. Bugungi islohotlarda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili bilan bir qatorda tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan yondashuv ham tobora mustahkamlanib bormoqda. Tadbirkorning muammosini tinglash va uning yechimiga ko‘maklashish, avvalo, hudud iqtisodiyotining rivojlanishiga xizmat qiladi. Shu bois davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish muhim vazifalardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Amaliy seminarda ham ushbu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan seminarda tadbirkorlarga farmonda nazarda tutilgan imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanish, amaldagi tartib-qoidalarni to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldilar.
A.Bo‘riyev.
O‘zA muxbiri